Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning davomiyligi jami 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq bo‘lmasligi belgilandi. Amalda bu ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan boshlab bir yil davomida uzluksiz yoki jami 3 oydan oshmasligi kerak edi.
Mehnatga haq to‘lashning barcha tizimlarida xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi 12 oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar summasining 1/12 qismi miqdorida belgilanadi.
Endilikda yakshanba kunlari har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda inobatga olinmaydi.
Shu bilan birga, ishdan bo‘shaganda mehnat ta’tilini kompensatsiyaga almashtirish chog‘ida ham yakshanba pulli kompensatsiya to‘lashda hisobga olinmaydi.
Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish davri uchun o‘quv ta’tillari beriladi.
Bu birinchi va ikkinchi kurslarda kechki ta’limda o‘qiyotganlar uchun OTMda kamida 20 kun, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida esa 10 kun hamda oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’lim tashkilotlarida sirtqi ta’limda o‘qiyotganlar uchun kamida 30 kunni tashkil etadi.
Uchinchi va undan keyingi kurslarda ta’lim oluvchilar uchun o‘quv ta’tillari OTMda kechki ta’lim shaklida kamida 30 kun, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida 20 kun, shuningdek, oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’lim tashkilotlarida sirtqi ta’limda esa har yili kamida 40 kun etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 18 yoshgacha bo‘lganlarga o‘rindoshlik asosida ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Taqiq o‘rindoshning asosiy ishi noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa bunday ishlarda ishlashga (sog‘liqni saqlash tizimidan tashqari) nisbatan qo‘llaniladi.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ish haqi, pensiya va nafaqalar oshishi haqida xabarlarni rad etgani ma’lum qilingandi.