Farg‘ona viloyatida noqonuniy ravishda “Umra” tadbirini tashkil etgan turfirma aniqlandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda viloyatning, So‘x tumanida joylashgan “So‘x Avia Biznes” kompaniyasi tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan “Umra” ziyoratini tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

Natijada, mazkur turfirmaga nisbatan BHMning 200 baravari — 75 mln so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Yanvar oyi oxirida Namangan viloyatidagi “Makan United Travel Group” kompaniyasi tegishli litsenziya olmasdan mazur tadbirni tashkil etgani uchun jarimaga tortilgandi.

Yil boshida huquq-tartibot idoralari tomonidan Namangan, Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilib, bu kabi qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yildi.

Yanvar oyi o‘rtalariga kelib, fuqarolarga litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini tashkil etgan Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridagi turfirmalar jarimaga tortilgandi.

Hozirda O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish uchun faqat 12 ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.