Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ishtirokidagi Turkiy investitsiya jamg‘armasining ustav kapitali oshirildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14-fevral kuni Ozarbayjonda Turkiy investitsiya jamg‘armasi (TIF) va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqi (TCCI) tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar vakillari va tadbirkorlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilish, biznes hamkorligini mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va Turkiy davlatlar o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi biznes va investitsiya imkoniyatlarini kuchaytirish maqsadida TIF va TCCI o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Uning doirasida infratuzilma, savdo hamda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish, ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, Turkiy davlatlar o‘rtasida savdo hajmini oshirish belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida TIFning ustav kapitali 20% ga oshirilib, $600 mlnga yetkazilgani e’lon qilindi. Ushbu moliyaviy o‘sish mintaqada mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashi hamda savdo va tadbirkorlikni rivojlantirishi qayd etildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekiston tomoni 2025-yil may oyida Qoraqalpog‘istonda TDTga a’zo mamlakatlarning tadbirkor ayollar forumini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
2022-yilning noyabr oyida TDT sammitida Shavkat Mirziyoyev qo‘shma investitsiya jamg‘armasini ishga tushirishni taklif qilgan. 2023-yilning mart oyida ushbu qo‘shma investitsiya fondini tuzish loyihasi e’lon qilindi. Mazkur fondga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo hisoblanib, har bir mamlakat uchun to‘lov miqdori $70 mlnni tashkil etishi belgilangandi.
O‘sha yilning noyabriga kelib prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi.
Avvalroq O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh uchirishi haqida xabar berilgandi.