AQShning 14 shtatidagi demokrat prokurorlar va mansabdorlar prezident Donald Tramp hamda Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskka qarshi sudga ariza topshirdi. Bu haqda “ABC News” xabar bermoqda.

Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Maskning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasini buzadi, chunki u Senat tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan vazifalarni bajarmoqda.

Shuningdek, hech kim tomonidan saylanmagan bir kishining qo‘lida davlat hokimiyatining to‘planishi demokratiyaga katta tahdid hisoblanadi.

Shtatlar Maskdan davlat moliyalashtirishiga o‘zgartirishlar kiritishni, federal xizmatchilar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishni va boshqa ko‘plab harakatlarni taqiqlashni so‘ramoqda.

Ariza Nyu-Meksiko bosh prokurori Raul Torres hamda Arizona, Michigan, Merilend, Minnesota, Kaliforniya, Nevada, Vermont, Konnektikut, Rod-Aylend, Massachusets, Oregon, Vashington va Gavayi shtatlari mansabdorlari tomonidan topshirilgan.

Nyu-Meksiko rahbarligidagi shtatlar ta’kidlashicha, Maskka qonun chiqaruvchi organning roziligisiz federal agentliklarni tugatish va budjetlarni qisqartirishga imkon beradigan “misli ko‘rilmagan” vakolatlar berilgan.

Shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning 26 nafar xodimi va pudratchisi “DOGE” vakolatlarini cheklashni so‘rab sudga murojaat qilgan.

Bir nechta agentlik allaqachon “DOGE"ning maxfiy ma’lumotlarga kirishini cheklab qo‘ygan, sud esa agentlikka “USAID"ning 2000 dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatishni vaqtincha taqiqlagan.

Da’vogarlar Maskning barcha qarorlarini g‘ayriqonuniy deb topishni va Senat tomonidan tasdiqlanmaguncha uning DOGE’dagi faoliyatini to‘xtatib turishni talab qilmoqda.

Tramp ma’muriyati ta’kidlashicha, Mask qonun doirasida harakat qilmoqda, DOGE esa davlat xarajatlarini qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanmoqda.


Avvalroq “Spot” Donald Tramp BRIKS mamlakatlariga dollardan voz kechsa 100%lik boj solish bilan tahdid qilgani haqida yozgandi.

AQSh prezidenti agar BRIKS davlatlari yagona valyuta yaratishga harakat qilsa, ularni yuqori boj to‘lovlari kutayotganini qayd etgan.