Toshkent shahri uchun 200 dona elektrobus xarid qilish loyihasi bo‘yicha tender g‘olibi aniqlandi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxt jamoat transporti uchun 2025-yilda 200 dona elektrobuslar va ular uchun quvvatlash uskunalari xaridi loyihasi amalga oshirilmoqda.
Harakat tarkibini yangilash maqsadida o‘tkazilgan eng yaxshi takliflar tanlovida Xitoyning uchta kompaniyasi — “BYD Auto Industry Co., Ltd.”, “Yutong Bus Co., Ltd.” va “ZhongTong Bus Holding Co., Ltd.” ishtirok etdi.
Natijada, takliflari belgilangan talablarga to‘liq javob bera olgan kompaniya sifatida “Yutong Bus” aniqlandi hamda xarid komissiyasi qarori bilan tanlov g‘olibi deb e’lon qilindi.
Xarid qilinadigan elektrobuslar Toshkentdagi mavjud avtobus yo‘nalishlarining harakat tarkibi sonini ko‘paytirishi va yangi tashkil etiladigan yo‘nalishlarda foydalanilishi rejalashtirilgan.
12-fevral kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Yutong Bus” kompaniyasining xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Syuy Pen bilan uchrashib, unda jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun harakat tarkiblarini yangilash vazifalarini muhokama qilgandi.
Xususan, 200 ta elektrobus sotib olish loyihasining hozirgi holati hamda Toshkent shahri uchun yana 1000 ta avtobus sotib olish bo‘yicha istiqbolli loyiha yuzasidan fikr almashildi.
Vazir O‘zbekistonda foydalanilayotgan “Yutong” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslar soni ortib borayotganidan kelib chiqib, kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarini kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.
2023-yilning avgustida Xitoy kompaniyasi bilan Namanganga 100 ta avtobus yetkazib berishga kelishildi. 2024-yilning yanvarida Samarqand viloyatiga 100 ta elektr avtobus va 50 ta quvvatlantirish stansiyasi sotib olish bo‘yicha “Yutong Bus” bilan $29,7 mlnlik shartnoma imzolandi.
Joriy yil boshida e’lon qilingan 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi bilan poytaxt jamoat transporti uchun 200 ta elektrobus hamda ular uchun quvvatlash uskunalarini olib kelish taklif etilgandi.
Undan keyin Ilhom Mahkamov prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.