Avstraliya ikki yil davomida chet elliklar uchun uy-joy sotib olishni taqiqlaydi. Bu haqda “The Sydney Morning Herald” nashri xabar berdi.

Uylarni sotib olishga qo‘yilgan taqiq ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz tufayli 2025-yil 1-apreldan 2027-yil 31-martgacha amal qiladi. Rasmiylar chorani uzoqroq muddatga uzaytirishga ruxsat berdi.

Uy-joy qurilishi vaziri Kler O’Nil hukumat barcha sa’y-harakatlarini imkon qadar ko‘proq avstraliyalik yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga qaratishi kerakligini aytdi.

Sidneyda ko‘chmas mulk qiymati so‘nggi 10 yil ichida deyarli 70%ga oshdi, hozirda uy-joylarning o‘rtacha narxi taxminan 1,2 mln Avstraliya dollarini tashkil etadi.

Ijara narxi ham oshmoqda, deya ta’kidlaydi “Bloomberg” “CoreLogic” ma’lumotlariga tayanib.

Shunga qaramay, nashr bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, bu taqiq narxlarga juda kam ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Avstraliya soliq boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil iyun oyi oxirigacha xorijliklar 4,9 mlrd Avstraliya dollariga ko‘chmas mulk sotib olgan. Bu mablag‘ning uchdan bir qismi qurib bitkazilgan uy-joylarni sotib olishga sarflangan.


Avvalroq “Spot” Avstraliya kaft rasmiga qarab yoshni tekshirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt texnologiyasi qo‘lni kamera oldida 30 soniya harakatlantirish orqali o‘smirlarning kaftini kattalarnikidan 99% aniqlikda ajrata oladi.