Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida ko‘p qavatli biznes markaz qurilishi mumkin. Bu haqda tuman matbuot xizmati xabar berdi.

14-fevral kuni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova bilan “Griffin Development” kompaniyasi vakili o‘rtasida tumandagi “iqtisodiy taraqqiyot va investitsiya muhitini yanada rivojlantirish"ga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar hududda qurilishi mumkin bo‘lgan loyihani muhokama qildi.

Xususan, kompaniya tomonidan taqdim etilgan loyiha doirasida ko‘p qavatli biznes markazi, mehmonxona, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari hamda infratuzilmaga ega turar-joy binolarini qurish ko‘zda tutilgan.

Matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, bu tumanning arxitektura qiyofasini yangilash bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholining bandligini oshirishga xizmat qiladi.

E’lon qilingan renderlardan ko‘rinib turibdiki, loyiha Glinka ko‘chasida, “Besh Qozon” kafesi yonida joylashishi mumkin. 2024-yilning 20-sentabrida olingan “Google Earth"dagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, qurilish maydonida turar-joy binolari joylashgan.

“Spot” muxbiri binolar buzilishi mumkinligi haqida Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmatiga savol bilan murojaat qildi. Investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagani, keyinroq batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.

Hokimlik xabarida kompaniya qaysi mamlakatda joylashganligiga aniqlik kiritilmagan. “Spot” Montana shtatida (AQSh) joylashgan “Griffin Development” kompaniyasining saytini topdi. Uning portfelida turar-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini qurish bo‘yicha bir nechta loyihalar keltirilgan.

Avvalroq Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi “Beshyog‘och” bozori o‘rnida biznes markaz qurish taklifi bilan chiqqandi. Biroq Chilonzor tumani hokimligi loyiha muhokama bosqichida ekanligini, uning amalga oshishi va qiymati borasida rejalar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Undan keyin Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ham bu bo‘yicha xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, “Beshyog‘och” bozori o‘rnida 9 qavatgacha bino qurilishi mumkinligini, renovatsiya hududida qurilish bo‘yicha hech qanday topshiriq mavjud emasligini qayd etgandi.