O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 970 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 11 so‘m 6 tiyinga pasaydi.
13-fevral kuni dollarning rasmiy kursi yangi rekord darajani qayd etdi. Amerika valyutasining rasmiy kursi 14 so‘m 88 tiyinga ko‘tarilib, 13 003,95 so‘mni tashkil qildi.
Bundan oldin dollar kursi 4-fevral kuni rekord darajani qayd etib, 12 998,91 so‘mni tashkil qilgandi.
Avvalroq “Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sur’atining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar hamda keyingi yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar borasida suhbatlashgandi.
“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqovning fikricha, 2024-yilda o‘zbek so‘mining 5%dan kam devalvatsiyasi avvalgi yillar fonida sezilarli o‘zgarish bo‘lib, unga nisbatan ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.
“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov eksport faolligining yuqori darajasi, Markaziy bank siyosati hamda import o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi dollar kursini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.
Roziqov 2025-yilda AQSh dollarining kursi 13 340 so‘mdan oshishini, Nazarov esa kurs 14 ming so‘mdan pastda qolishi mumkinligini prognoz qilmoqda.