DXX va IIV tomonidan hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.

Xususan, Andijonning Baliqchi tumanida yashovchi shaxs Namangan viloyatida yashovchi fuqaro ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangandagi turfirmalardan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga “Haj” ziyoratiga yuborishga va’da qilgani aniqlandi. Ayblanuvchi $20 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi shaxs 2 nafar fuqaroni firma orqali “Haj"ga yuborish uchun $15 ming talab qilib, oldindan $10 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xorazm viloyatida ham xuddi shu kabi holat kuzatildi. Gurlan tumanida yashovchi shaxs Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkentda litsenziyasiz turfirma orqali “Umra"ga yuborish evaziga $3 450 olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshloq tumanida yashovchi shaxs “Umra” ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasada, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqarodan $2 400 olgan vaqtida ushlandi.

Quva tumanida “Telegram” profili orqali o‘zining “Umra” tadbirlari bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytib, noqonuniy harakatlar amalga oshirgan shaxs “Umra” vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga jo‘natish evaziga $3 100 talab qilib, oldindan $1 800 olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan. Undan 6tasi Toshkent, 3tasi Namangan hamd qolgan 3tasi Andijon, Farg‘ona va Xorazmdagi kompaniyalardir.

Avvalroq Farg‘onada noqonuniy “Umra” tadbirlarini tashkil etgan turfirma aniqlangani haqida xabar berilgandi. Natijada “So‘x Avia Biznes"ga nisbatan 75 mln so‘m jarima qo‘llanildi.