O‘zbekiston hukumati Islom taraqqiyot banki (ITB) bilan mamlakatdagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ikkita hujjatni imzoladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Jamshid Qo‘chqorov 16-fevral kuni Ar-Riyodda ITB prezidenti Muhammad Al Jasser bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda transport infratuzilmasi va ta’limni rivojlantirish, jumladan, yo‘l infratuzilmasi hamda ta’lim sohasida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, mamlakatda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan “SmartED” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun bank tomonidan $160,25 mln ajratiladi.

Loyiha doirasida inklyuziv ta’lim talablari asosida mamlakat bo‘yicha jami 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari quriladi. Ulardagi barcha sinflar zamonaviy laboratoriya jihozlari, raqamli texnika va mebellar bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, SmartED o‘quv qo‘llanmalarini yangilash, pedagoglarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish, baholash metodikasini qayta ko‘rib chiqish belgilanmoqda. 2026-yilgacha barcha maktab o‘quvchilarini inklyuziv ta’lim tizimi bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ITB Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi A-373 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun $138,8 mln ajratadi. Umumiy uzunligi 37 km bo‘lgan yo‘l qismi to‘rtta yo‘lakkacha kengaytiriladi.

Bu yo‘lga ketadigan vaqtni 30 daqiqagacha qisqartirishi va avariya holatlarini taxminan 40% ga kamaytirishi kutilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi mintaqalar va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilab, savdo va turizmni rivojlantirishga yordam berishi qayd etildi.

Yil boshida ITB O‘zbekistonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun $40 mln ajratishi haqida xabar berilgandi. Mablag‘lar kichik biznesni moliyalashtirishga hamda kreditlar bo‘yicha kafillik berish uchun yo‘naltiriladi.