Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi doirasida 17-fevral kuni mamlakat Amiri Shayx Mish’al as-Saboh bilan Al-Kuvaytda tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazilgani haqida xabar bergandi.

Prezident Kuvaytning turli kompaniyalari rahbarlari bilan bir necha uchrashuvlar o‘tkazdi. Davlat rahbari “Fouad Alghanim & Sons” xoldingining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarini qurish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

“Agility Logistics” raisi bilan O‘zbekistonda qo‘shma logistika markazini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyiha muhokama qilindi. Ushbu markaz Ko‘rfaz mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish uchun mo‘ljallangan.

Mirziyoyev “Action Group Holdings” kompaniyasining O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, shuningdek, mineral xom ashyolarni qayta ishlash bo‘yicha tashabbuslarini ma’qulladi.

Quvaytning “Gulf Care General Trading” kompaniyasi respublika hududlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, “Al Imtiaz Investment Group” kompaniyasining oziq-ovqat ekinlarini yetishtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, ko‘chmas mulk obyektlarini qurish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat rahbari “Kuwait Investment Company” bilan ta’lim, infratuzilma, agrosanoat, sun’iy intellektni joriy qilish sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini olqishladi.

Bundan tashqari, “Kamco Invest” bilan xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish va qo‘shma investitsiya platformasini yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.