Toshkent shahar hokimining 14-fevralda qabul qilingan qarori bilan poytaxt bozorlari va savdo komplekslari uchun yig‘imlar miqdori tasdiqlandi.
Xususan, bir martalik patta puli bozor va sotiladigan mahsulot turiga qarab o‘tgan yilga nisbatan 10−30% ga oshiriladi. Sabzavot, non va non mahsulotlari yo‘nalishida to‘lovlar eng kam (10%) ko‘tarilgan.
Uy buyumlari, kiyim-kechak va uy parrandalari kabilar yo‘nalishlari uchun yig‘im 17−20% ga, sitrus, tropik va quruq mevalar, salqin ichimliklar, konserva, gullar va avtotomobillar uchun ehtiyot qismlar yo‘nalishida 21−25% gacha oshirildi. Asal mahsulotlari sotuvchilari uchun to‘lovlar eng ko‘p oshdi — 26−29%.
Toshkent shahar hokimligi patta narxi oshirilganiga izoh berib, qonunchilikka asosan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari har yili tasdiqlanishini qayd etdi.
Toshkentdagi 19 ta bozor va savdo komplekslarining jami xarajatlari 2022-yilda 256,3 mlrd so‘mni, 2023-yilda 296 mlrd so‘mni, 2024-yilda esa 314,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Joriy yilda soliq, kommunal to‘lovlar, ish haqi oshishi hamda ta’mirlash va qurilish ishlari hisobiga ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 22% ga oshishi yoki 383,5 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Masalan, Eski Juva dehqon bozorining 2024-yilga nisbatan yer solig‘i 64% ga (5,95 mlrd so‘m), kommunal to‘lovlar 17% ga (4,2 mlrd so‘m) oshayotganligi, bundan tashqari, bozordagi rastalarni 5,9 mlrd so‘mga qayta qurish ishlari inobatga olinib, 2025-yil uchun xarajatlar 28,6 mlrd so‘mga (156%) reja qilingan.
“Aslida belgilangan patta pullari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun bo‘lib, ularning bozorlar va savdo komplekslari umumiy tushumidagi ulushi 15% ga ham yetmaydi”, deyiladi xabarda.
Hokimlikda patta yig‘imlarini oshirish orqali bozorlarni saqlash, xususan, tozalash, yoritish, obodonlashtirish, pavilonlar tom qismini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish, rastalarni ta’mirlash yoki yangi qurish, yo‘laklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni bo‘yash, kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash belgilangani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, bu sotuvchi va xaridorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, soliqlar va kommunal to‘lovlarni, shuningdek, 1 600 dan ortiq ishchi xodimlarga oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lash imkonini beradi.
Joriy yilning yanvar oyida poytaxt hokimligi bozorlarda sotuvchilardan undiriladigan bir martalik yig‘imlar miqdorini oshirishga qaratilgan qaror loyihasini e’lon qilgandi.
Avvalroq Toshkentdagi supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashgani haqida xabar berilgandi. Pokistondan kartoshka import qilingach, uning minimal narxi 26,1% ga pasaydi. Shu bilan birga, qizil sabzi, lavlagi, tuxum, sut va shakar narxlari ham tushgan.