Prezidentning 14-fevral kuni qabul qilingan qarori bilan aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini yaxshilash belgilandi.
Xususan, aholi tadbirkorligi uchun ularni aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri"ga kiritilgan oilalar a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskunalar xaridiga ajratiladigan subsidiyalar o‘rniga foizsiz ssuda ajratiladi.
Aholi tomonidan qiziqish bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past bo‘lgan subsidiyalar bekor qilinadi hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalar birlashtiriladi.
Mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, kambag‘al oilalarga tadbirkorlik hamda dehqonchilik uchun grant va foizsiz ssudalar ajratiladi. 2026-yildan aholiga naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali ajratiladi.
Joriy yilning 20-martigacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Subsidiya, ssuda va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun yangi moliyaviy yordamlar joriy etiladi.
Xususan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihalar uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari (11,55 mln so‘m) gacha miqdordagi subsidiyalar beriladi.
O‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarni yoki kambag‘al oilalar a’zolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlarga har bir jalb qilingan kasanachi uchun BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) gacha foizsiz ssudalar ajratiladi. Ssuda tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 3 yilgacha taqdim etiladi.
Kambag‘al oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga BHMning 50 baravari (18,75 mln so‘m) gacha miqdordagi 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar beriladi.
Kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun dehqon xo‘jaliklariga suv quduqlarini burg‘ilash, nasos agregatlari xaridi, tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va elektr tarmoqlarini tortishga foizsiz ssuda ajratiladi. Mablag‘lar 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) gacha miqdorda 5 yilgacha taqdim etiladi.
Shuningdek, mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘z tajribasini 10 tagacha kambag‘al oilalarga o‘rgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashgan tadbirkorlarga har bir oila uchun BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m) dan 30 baravari (11,25 mln so‘m) gacha miqdordagi grantlar ajratiladi.
Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz berilishi haqida xabar berilgandi.