Prezidentning yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan qaror bilan “Yoshlar biznesi” dasturi joriy etiladi.

Dastur 2025−2027 yillarda amalga oshirilib, uning doirasida 350 mingta yosh qamrab olinadi, shu jumladan, 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshgacha bo‘lganlar uchun kamida 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida “Aloqabank” tayanch “yoshlar banki” etib belgilanadi.

Tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablag‘lar ajratiladi. Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

“Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq 18−30 yosh oralig‘idagi ijtimoiy soliq to‘lab, o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz ajratiladi. Mablag‘lar onlayn taqdim etilib, imtiyozli davr bilan 7 yilgacha beriladi.

“Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi asosida YTT sifatida faoliyat yurituvchi yoshlarga, ta’sischilari yosh fuqarolar bo‘lgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlarning kamida 20 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi.

“Innovatsion yoshlar” loyihasi bo‘yicha venchur jamg‘armalari orqali yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Qarorda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash instrumentlaridan foydalangan tadbirkorlarning hisobvaraqlariga bepul xizmat ko‘rsatiladi. 2025-yilning 1-apreligacha “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etilishi belgilanmoqda.

1-martgacha “Aloqabank"ning hududlarda yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarni tijoratlashtirishga hamda moliyalashtirishga ko‘maklashish (“Startaplar”) loyihasi mamlakatning barcha hududlarida amalga oshiriladi va loyihaning hududlardagi bo‘linmalari malakali kadrlar bilan to‘ldiriladi.

1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun"lari tashkil etiladi hamda hududdagi OTMlar bilan hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Yil yakunigacha akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar sonini 200 taga yetkazish ko‘zlangan.

Hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlari tashkil qilinib, tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlaganlarni qo‘llab-quvvatlash hamda muvaffaqiyatli tadbirkor darajasigacha rivojlanishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Bunda ularga tayyor ofislar ijaraga beriladi, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.

Joriy yilning 14-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda prezident “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki"ga aylantirilishini ma’lum qilgandi.