14-fevral kuni yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. U Yoshlar ishlari agentligi huzurida bo‘ladi.

Jamg‘arma mablag‘lari belgilangan manbalar hisobidan $100 mln ekvivalentiga teng summaga yetkaziladi. Uning faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi kamida 50 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilishdir.

Belgilangan daryo, kanal va sohil bo‘ylarida xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar va dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha biznes loyihalarni joylashtirish uchun o‘rnatilgan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish orqali yer uchastkalari ajratiladi.

Jamg‘arma huzurida ustav fondi $10 mln ekvivalentiga teng venchur jamg‘arma tashkil etiladi. U yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini moliyalashtirib boradi.

Venchur jamg‘arma inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan tanlovlarda g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan loyihalarga 2 mlrd so‘mgacha investitsiya mablag‘larini ularning ustav fondiga ulush sifatida kiritish orqali ajratadi.

Mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdim etiladi:

  • istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori bo‘lgan namunaviy modelni ishlab chiqish jarayonidagi startap loyihaga — 500 mln so‘mgacha;
  • O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startap loyihaga — 1 mlrd so‘mgacha;
  • xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan startap loyihaga — 2 mlrd so‘mgacha.

Savdo-sanoat palatasi hamda joylardagi hokimliklar jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan biznes loyihalarning rivojlanishiga ko‘maklashish uchun shaxsan mas’ul etib belgilanadi. Shuningdek, har chorakda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi biznes loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga takliflar kiritib boradi.

14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Uning doirasida Tadbirkor yoshlarga 2,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.