O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Anhor Park” buzilishi haqidagi xabarlar hamda uning o‘rnida amalga oshiriladigan yangi loyihaning renderlari tarqaldi. Unga ko‘ra park o‘rnida turar-joy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.
“Anhor” parkidagi savdo markazi ijarachilari yopilish to‘g‘risida xabarnoma olganliklarini va binolarni bo‘shatishlari kerakligini aytishdi. Ayni paytda barcha do‘konlar va savdo nuqtalari o‘z faoliyatini to‘xtatgan, fudkort hududida esa faqat bir nechta umumiy ovqatlanish shoxobchalari ishlashda davom etmoqda.
Hozirgacha park ma’muriyati, shahar hokimiyati yoki quruvchi tashkilot holat yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo‘q, savdo markazi hududida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tender va auksionlar haqida ham ma’lumotlar e’lon qilinmagan.
“Spot” vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida park ma’muriyatining pozitsiyasini o‘rganib, ijarachilar va Anhor parkini ehtimoliy buzilishdan saqlab qolish tarafdori bo‘lgan faollar bilan suhbatlashdi.
Park qachon ochilgan?
Park qurilishi 2015-yilda Toshkent mexanika zavodining sobiq “A” hududi o‘rnida boshlangan. Bosh loyihachi “Toshtemiryo‘lloyiha”, hudud egasi esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” edi.
Bog‘ Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Labzak va Zulfiyaxonim ko‘chalari oralig‘idagi Anhor kanali bo‘ylab 8 gektar maydonni egallagan. U 2016-yilning avgustida rasman ochilgan.
Bog‘ hududida bolalar va kattalar uchun attraksionlar, o‘yin maydonchalari, 320 o‘rinli yozgi teatr, musiqa va yorug‘lik jo‘rligidagi favvoralar hamda kafe va restoranlar ochilgan.
Shuningdek, bu yerda karting, bolalar maydonchalari, restoranlar va kinoteatrga ega uch qavatli savdo-ko‘ngilochar majmua joylashgan.
Yo‘l bo‘yida do‘konlar va fudkortga ega savdo markazi qurilgan. Unda 2020-yilda “Makro” supermarketlar tarmog‘ining filiali ochilgan.
2022-yilning fevral oyida bog‘ hududi 376,5 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarildi— bu E-auksion tarixidagi eng qimmat lot edi. Biroq savdo natijalari e’lon qilinmagan.
Hozirda bog‘ning yagona ta’sischisi va egasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi. Parkning ustav fondi — 205,3 mlrd so‘m.
“Anhor Park” savdo markazi loyihasini ishlab chiqishda ilgari “Golden House Property Group” (hozirda — “Unique Trade Business”) ga 100% tegishli bo‘lgan “The Tower FMG” kompaniyasi ishtirok etgan. Bog‘ ma’muriyatining ma’lum qilishicha, ayni paytda savdo markazi binosi ham “The Tower FMG” tomonidan boshqariladi.
Gap nima haqida?
2023-yilda “Golden House” kompaniyalar guruhi “Anhor Park” yonida, qirg‘oq tomonida “Union” turar-joy majmuasini qurishni rejalashtirgandi. Biroq keyinchalik loyiha ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlandi, reklama plakatlari esa demontaj qilindi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sud geologik ekspertizadan so‘ng hududni daryoga yaqinligi sababli yaroqsiz deb topib, qurilishni to‘xtatgan.
“Golden House"dan “Union” turar-joy majmuasining oldingi qurilish loyihasi
Joriy yilning fevral oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda bog‘ buzilishi haqidagi xabarlar, shuningdek, uslubi va uylarning joylashuvi bo‘yicha “Union"ni eslatuvchi yangi loyihaning fotosuratlari paydo bo‘ldi. Keyinroq OAVda “Golden House” tomonidan ishlab chiqilgan yangi binoning to‘liq taqdimoti e’lon qilindi. Shunga qaramay, “Spot” hujjatning haqiqiyligini tasdiqlay olmaydi.
Taqdimotga ko‘ra, loyiha quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- biznes va premium toifadagi turar joy binolari;
- biznes-markaz va savdo markazi;
- basseynli sport majmuasi;
- konferens-markaz va apart-otel;
- sayr qilish zonalari, suv bo‘yidagi restoranlar;
- sun’iy suv havzasi va bolalar plyaji.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, bog‘ attraksionlarini demontaj qilish rejalashtirilgan, biroq “Navro‘z” etnoparki hududi va charxpalak buzilmaydi.
Yangi loyiha maketi. Quruvchisi noma’lum
Bugungi kunda bog‘da asosiy yo‘l bo‘yida joylashgan savdo markazi binosi deyarli to‘liq ishlamay qolgan. Bolalar kiyimlari, kosmetika, “FixPrice” do‘konlari, savdo zonalari hamda “Makro” supermarketi yopilgan. Fudkortdagi ayrim restoranlar ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ammo ayrim muassasalar hali ham buyurtmalarni qabul qilishda davom etmoqda.
Savdo markazi ijarachilari nima uchun ularni yopish so‘ralgani va bu uy-joy majmuasining buzilishi yoki qurilishi bilan bog‘liqligi haqida izoh berishdan bosh tortdilar. Shuningdek, ularning hech biri yangi loyihaning quruvchisi kim ekanligini ayta olishmadi.
Foto: Azizaxon Zakirova / Spot
Park ma’muriyati va ijarachilar nima deydi?
“Anhor Park” ma’muriyati “Spot"ga bergan izohida bog‘ buzilishi haqida ogohlantirilmaganini ma’lum qildi.
“Biz o‘zimiz ham bu haqda bir necha kun oldin OAV orqali xabar topganmiz. Ayni paytda rahbariyat va ta’sischilar tomonidan buzish yoki rekonstruksiya qilish to‘g‘risida hech qanday xabarnoma yoki buyruq kelib tushmagan. Savdo markazi bizga tegishli emas, shuning uchun uning atrofidagi vaziyatga izoh bera olmaymiz”, — dedi “Anhor” bog‘i vakili.
Savdo markazi binosida joylashgan “Chekhov Anhor” fitness klubi buzilish haqidagi ma’lumotni tasdiqlab, ko‘chishini ma’lum qildi. Biroq, kompaniya sharhiga ko‘ra, park hududida faqat savdo markazini buzish rejalashtirilgan.
“„Anhor“ bog‘ining kutilayotgan rekonstruksiyasi va „Chekhov Anhor“ joylashgan savdo markazi binosining buzilishi sababli klub xuddi shu joydagi yangi, kengroq — hozirda karting joylashgan binoga ko‘chib o‘tadi”, — deya javob berildi “Spot” savoliga asosan kompaniyada.
“Biz buzilish haqida oldindan ogohlantirilgan edik va tayyorgarlik ko‘rishga ulgurdik. Bizga ijara shartnomasida ko‘zda tutilgan barcha kompensatsiyalar to‘lab berildi hamda yangi bino taklif qilindi”, — deya qo‘shimcha qilindi.
“Spot” muxbiri suhbatlashgan savdo markazi binosining boshqa ijarachilari vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi.
Shuningdek, “Spot” bog‘dagi karting markazi binosida joylashgan “City Kids” bolalar ko‘ngilochar majmuasi vakillari bilan suhbatlashdi. Bosh menejer Alla Xo‘djayevaning aytishicha, ijarachilar bog‘ning buzilishidan xavotirda, biroq ma’muriyat ularni ikki yil davomida ishni davom ettirishlari mumkinligiga hamda karting markazi binosiga hozircha ta’siri yo‘qligiga ishontirmoqda.
“Hozircha boqqa kiraverishdagi savdo markazi o‘rnida turar-joy yoki biznes majmuasi — nima qurilishi noma’lum. Qurilish yonida qanday ishlaymiz va bizga haqiqatan ham ikki yil beriladimi, bilmaymiz”, — deydi u.
Xo‘djayevaning so‘zlariga ko‘ra, “Chekhov Sport Club” ko‘chib o‘tadigan binoning uchinchi qavatida ta’mirlash ishlari boshlangani va’dalarning bilvosita tasdig‘i bo‘lishi mumkin.
“Biz bog‘da 2018-yilning yanvar oyidan beri ishlayapmiz va agar u yo‘qolsa, albatta, achinarli”, — deya qo‘shimcha qildi menejer.
“Anhor Park” ma’muriyatining “Spot'ga ma’lum qilishicha, savdo markazi ijarachilarining bir qismi ham karting binosiga ko‘chib o‘tishni ko‘rib chiqmoqda.
“„Belissimo“ va „Street 77“ fud-kortlari ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda, „Makro“ supermarketi esa parkda ishlashni davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. Karting markazi ochiq qoladi va odatdagidek ishlashda davom etadi”, — deya javob berdi park ma’muriyati.
Shuningdek, karting markazi binosida faoliyat yuritayotgan ijarachilarga joriy yil yakuniga qadar ijara shartnomalari taqdim etilgan.
Faollar park buzilishiga nega qarshi?
Ekofaollar “Anhor” bog‘ining qurilishiga qarshi chiqib, jiddiy ekologik va shaharsozlik xavflarini ta’kidlamoqda.
Ular park sobiq Toshkent mexanika zavodi hududida tashkil etilganini, bu yerda hanuzgacha sanoat obyektlari qoldiqlari, jumladan, bombapanoh va yoqilg‘i moddalari ombori saqlanib qolganini eslatib o‘tdilar. Ularning fikricha, bog‘ni buzish va keyinchalik qurilishni amalga oshirish xavfni yuzaga keltirib chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari, faollar bog‘ shahar ekotizimida muhim rol o‘ynashini ta’kidlamoqda.
Faollarning eslatishicha, avvalroq bu joyda “Golden House” qurilishi rejalashtirilgan, biroq geologik ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng, sud hududni daryoga yaqinligi sababli yaroqsiz deb topgan. Shunga qaramay, hozir yer yana sotilmoqda va jamoatchilik tender natijalari va quruvchi rejalari haqida ma’lumot ololmayapti.
Faollar shaharga yangi baland binolar emas, yashil hududlar kerakligini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, ular bog‘da 2016-yildan beri ekilgan o‘n minglab daraxtlar parkni dam olish uchun qulay joyga aylantirganini va endi barcha ko‘kalamzorlashtirish ishlari yo‘qqa chiqishi mumkinligini qayd etdilar.
Faollar quyidgailarni talab qilmoqda:
- hokimiyat va quruvchilar tomonidan bog‘ning kelajagi masalasida ochiqlik;
- loyihaning jamoatchilik muhokamasi;
- hozirgacha vaziyatga izoh bermagan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan tushuntirishlar.
“Nima uchun Toshkentda avval yashil hududlar yaratiladi, unga kuch va mablag‘ sarflanadi, bir necha yildan keyin esa qurilish maqsadida yo‘q qilinadi? Qani sog‘lom fikr?”, — deya yozadi ijtimoiy tarmoq faollari.
Shuningdek, aholi qurilishga qarshi imzo yig‘ishni boshladilar. 17-fevral holatiga ko‘ra, petitsiyani 1 mingdan ortiq kishi qo‘llab-quvvatlagan.