Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov “Anhor Park” buzilishi hamda uning o‘rnida turar-joy majmuasi qurilishi haqidagi xabarlar yuzasidan davlat organlariga deputat so‘rovini yubordi. Bu haqda O‘zbekiston ekologik partiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda oxirgi 2−3 yilda poytaxt atmosfera havosining yomonlashuvi bo‘yicha turli xalqaro reytinglarda “yuqori” o‘rinlarda qayd etilayotgani, buning oldini olish va barqaror ekologik muhitni saqlab qolish uchun daraxtlarni ko‘paytirish va borlarini saqlab qolish kerakligi ta’kidlangan.
Biroq, davlat rahbarining tegishli farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lishiga qaramay, ayrim hududlarda noqonuniy ravishda daraxt kesish holatlari uchramoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkentdagi “Anhor Lokomotiv” bog‘i va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi rejalashtirilganligi haqida ma’lumotlar keng jamoatchilik va bog‘ yaqinida yashovchi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Shundan kelib chiqib, Baxtiyor Po‘latov Bosh prokuratura, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so‘rovini yuborgan.
Unda “Anhor” bog‘ini madaniy xordiq chiqarish va dam olish maskani sifatida saqlab qolish choralari belgilangani, bog‘ va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi qonun hujjatlariga muvofiq kelishi bo‘yicha tushuntirishlar berish so‘ralgan.
“Spot” vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida park ma’muriyati, ijarachilar va “Anhor” parkining buzilishiga qarshi bo‘lgan faollar bilan suhbatlashgandi.
Xususan, park ma’muriyati buzilish haqida ogohlantirilmaganini ma’lum qildi. “Biz o‘zimiz ham bu haqda bir necha kun oldin OAV orqali xabar topganmiz. Ayni paytda rahbariyat va ta’sischilar tomonidan buzish yoki rekonstruksiya qilish to‘g‘risida hech qanday xabarnoma yoki buyruq kelib tushmagan”, — dedi “Anhor” bog‘i vakili.
Ekofaollar “Anhor” bog‘i o‘rnida qurilish amalga oshirilishiga qarshi chiqib, buning sababi sifatida jiddiy ekologik va shaharsozlik xavflarini keltirishmoqda.
Avvalroq Toshkentning Glinka ko‘chasida ko‘p qavatli biznes markazi qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Loyiha doirasida, shuningdek, uchta binoda mehmonxona, xizmat ko‘rsatish majmualari hamda turar-joy binolarini qurish taklif etilmoqda.