Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda banklar tomonidan fuqarolarga tegishli bank kartalari haqida SMS-xabarlar yuborilayotganligiga doir tarqatilayotgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha shu mazmundagi SMS-xabarlar banklar tomonidan Markaziy bankning tegishli ko‘rsatmasiga muvofiq yuborilmoqda. Bundan maqsad fuqarolarni ularning nomiga rasmiylashtirilgan kartalar to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan.
SMS-xabarlarda keltirilgan kartalar raqamlari axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlik talablari asosida qisman berkitilgan holda aks ettirilgan.
Regulyator agar fuqarolarda mazkur xabarlarda ko‘rsatilgan kartalar ular nomiga rasmiylashtirilganligi bilan bog‘liq tushunmovchiliklar bo‘lsa, bankga murojaat qilib, holatga aniqlik kiritishlari hamda foydalanmayotgan bank kartalarini yopishlarini tavsiya qildi.
Shuningdek, firibgarlar an’anaviy usulda bank kartasi ochishdan tashqari fuqarolar nomiga kartalar, xususan, virtual kartalarni rasmiylashtirishi mumkin. Bu esa bank mobil ilovalaridagi fuqaroning shaxsiy kabineti egallanishi yoki fuqaroning o‘zi ro‘yxatdan o‘tganida yuz beradi.
Bunda telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berilganda kartadan pul yechilmaydi, biroq, login va parol hamda bir martalik kodni begona shaxslarga berish yoki zararli APK-fayllarni o‘rnatish holatlarida pul yechilishi mumkin.
Joriy hafta boshida “Spot” O‘zbekistondagi banklar mijozlarni mavjud kartalari haqida xabardor qilishni boshlaganini ma’lum qilgandi. Ulardan ayrimlari faqat kartalar soni haqida ma’lumot bersa, ayrimlari 16 xonali kartaning birinchi va oxirgi to‘rtta raqamini keltirgan holda, mijozlarga xabar jo‘natgan.
Shu bilan birga, banklar 12 oydan ortiq vaqt ichida faol bo‘lmagan bank kartalarini bloklashi mumkin. “Humo” to‘lov tizimi foydalanuvchilardan bir yildan ortiq vaqt ichida amaliyotlar bajarilmayotgan kartalarni bot orqali vaqtinchalik bloklashni tavsiya qildi.
Markaziy bankning yangi talabi
2024-yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida “Spot"ga ma’lum qilgandi.
Undan keyin regulyator bu yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.
Bu tartib 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab 31-dekabrigacha kuchga kirdi. Unga ko‘ra bitta fuqaroga beriladigan kartalar virtual va kobeyjing kartalarini hisobga olgan holda 20 donagacha cheklanadi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin. Chet el valyutasida ochilgan bank kartalari bundan mustasno.
2024-yilning dekabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning qariyb 97%i da (22 mln nafar) 5 tagacha, 3%i da (770 ming) 5−20 gacha hamda 0,03%i da (7 ming) 20 tadan ortiq kartalar mavjud.
O‘rganishlarda 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta kartadan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalari uchun foydalanilayotganligi aniqlangan: “Tradezone ai”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital”.
Ta’kidlanishicha, kartalarni ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartib banklar tomonidan chiqariladigan kartalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali firibgarlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, regulyator tomonidan fuqarolarga ochilgan kartalar soni to‘g‘risida mobil ilovalar orqali Push-xabarnoma yoki SMS-xabar orqali ma’lumot berish yuzasidan banklarga ko‘rsatma xati yuborilgan.
2024-yilda Ombudsmanga fuqarolar kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan kredit olish bo‘yicha murojaatlar soni 42%ga oshgan.