Buxoro viloyatida raqobatga qarshi til biriktirgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilning dekabr oyida qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda AGTKShlarda siqilgan gaz chakana narxi oshirilgani aniqlandi. Xususan, 6-dekabrigacha bir kubometr siqilgan gaz narxi 3 850−3 950 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 7−9 dekabr kunlari bu 8% ga — 4 150 so‘mgacha oshgani qayd etildi.
Hududiy boshqarma xo‘jalik yurituvchilar bilan bir vaqtda yoki ketma-ketlikda yoqilg‘i narxini chakana savdoda sun’iy oshirish orqali raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakat alomatlari bo‘yicha 85 ta gaz “zapravka"da o‘rganish ishlarini o‘tkazdi.
Natijada, viloyatdagi 47 ta AGTKShda faoliyat yuritayotgan 44 ta xo‘jalik yurituvchining narxni sun’iy oshirish uchun individual iqtisodiy sabablar, umumiy tashqi omillar mavjud bo‘lmagan holatda, xarajatlar zaruratisiz, iste’molchilarga narxlarni oshirib sotish orqali asossiz daromad olgani aniqlandi. Narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirish davri 5−13 dekabrda kuzatilgan.
Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan 44 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan tegishli qarorlar talablari buzilish alomatlari bilan ishlar qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, ularga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.