Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kegeyli, Mo‘ynoq va Bo‘zatov tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Unda fuqarolar R.D., M.A. va I.J. o‘zlarining xonadonlarida umumiy foydalanishdagi elektr va gaz tarmoqlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida jami 588,2 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.
Departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan ham tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “Sh.T.” fermer xo‘jaligi rahbari D.N. tijorat maqsadida tomchilatib sug‘orish uskunalarini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab olgan.
Natijada 176,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda fuqaro M.O. “Namuna” MFY hududidagi issiqxonasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida esa 168,4 so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Bundan tashqari Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Unda fuqarolar S.B. va X.J. umumiy ovqatlanish shoxobchasi hamda ko‘chma do‘konlarida tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmoqlariga ulanib olgani aniqlangan.
Bunda jami 102,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Namangan va Andijonda qariyb 322 mln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Uychi tumanida tadbirkor ovqatlanish binosida elektr hisoblagichdan tashqari ulab, Ulug‘nor tumanida esa korxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.