19-fevral kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Bir gramm qimmatbaho metall 1 mln 2578ming 290 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik quyma 6 mln 291 ming so‘mdan sotilmoqda.

Bu yilgi rekord yil boshidan buyon to‘qqizinchisi bo‘ldi. Qimmatbaho metall narxi umumiy hisobda 10,8%ga va o‘tgan yilga nisbatan 49,9%ga qimmatlashdi.

17-yanvardan Markaziy bank 100 gramm og‘irlikdagi o‘lchov quymalarini sotuvga chiqardi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bu aholi uchun investitsiya imkoniyatlarini oshiradi.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 291 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 583 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 25 mln 166 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 62 mln 915 ming so‘m;
  • 100 gramm oltin quyma narxi 125 mln 829 ming so‘mni tashkil qiladi.

Oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $2930ga yaqinlashdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $2928,3ni tashkil qildi.

Yil boshidan beri oltin, AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi o‘sib borayotgan keskinlik fonida eng daromadli aktivga aylandi.

Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan ularni sotib olish orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.