“Humo” to‘lov tizimi foydalanuvchilaridan faol bo‘lmagan bank kartalarini bloklashni so‘radi.

Qayd etilishicha, amaldagi tartib bilan banklar 12 oydan ortiq muddat davomida amaliyotlar bajarilmagan kartalarni bir tomonlama bloklashlari mumkin.

To‘lov tizimi kutilmaganda bloklanishning oldini olish maqsadida foydalanilmayotgan “Humo” kartalarni “Telegram"dagi @humocardbot orqali oldindan vaqtinchalik bloklab qo‘yishni tavsiya qildi.

“Bu kartalaringiz xavfsizligini ta’minlashga va ularni bank tomonidan (zaruriyatsiz) bloklanishining oldini olishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.

Yanvar oyi oxirida “Bankers.uz” nashri banklar 12 oy davomida “harakatsiz” bo‘lgan kartalarni bloklashi haqida mijozlarni ogohlantira boshlaganini ma’lum qildi. Bu Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan yangi talablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xususan, regulyator tomonidan bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish maqsadida 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha vaqtinchalik tartib joriy etildi.

Unga ko‘ra bitta fuqaroga beriladigan kartalar virtual va kobeyjing kartalarini hisobga olgan holda 20 donagacha cheklanadi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin. Chet el valyutasida ochilgan bank kartalari bundan mustasno.

2024-yilning dekabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning qariyb 97%i da (22 mln nafar) 5 tagacha, 3%i da (770 ming) 5−20 gacha hamda 0,03%i da (7 ming) 20 tadan ortiq kartalar mavjud.

O‘rganishlarda 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta kartadan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalari uchun foydalanilayotganligi aniqlangan: “Tradezone ai”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital”.

Ta’kidlanishicha, kartalarni ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartib banklar tomonidan chiqariladigan kartalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali firibgarlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, regulyator tomonidan fuqarolarga ochilgan kartalar soni to‘g‘risida mobil ilovalar orqali Push-xabarnoma yoki SMS-xabar orqali ma’lumot berish yuzasidan banklarga ko‘rsatma xati yuborilgan.

Avvalroq banklar mijozlarni mavjud kartalari haqida xabardor qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.