Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda tadbirkorlar tomonidan intellektual mulkdan foydalanish ko‘lami kengayib borayotgani va ayrim biznes vakillari tomonidan noqonuniy faoliyat olib borilayotgani oqibatida bu sohadagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan.
Xususan, 2023-yilda sudlar tomonidan intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq 249 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilgan.
Adliya vazirligi matbuot xizmati qonun loyihasi tafsilotlarini ochiqladi. Ular orasida:
- mualliflik va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdorini oshirish;
- seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish;
- patentga oid huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilishni qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida joriy qilish;
- intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish;
- tovar belgisi bo‘yicha tayyorlangan kontrafaktni huquqbuzar hisobidan olib qo‘yish va yo‘q qilish.
Bundan tashqari, adliya organlariga kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va musodara qilish vakolatlari berilishi mumkin.
Shuningdek, mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish va javobgarlikka tortilishi kerak bo‘lgan intellektual mulk obyektlari doirasini kengaytirish taklif etilmoqda.
Adliya vazirligining ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga, kontrafakt mahsulotlar aylanmasining oldini olishga, xorijiy sarmoyalar oqimini ko‘paytirishga hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Avvalroq senatorlar kafolatlangan omonatlarni 200 mln so‘mgacha cheklashga qaratilgan qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.
Bank tugatilganda omonatchilarga to‘lovni amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartiriladi.