Avvalroq “Spot” O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Saboh bilan uchrashuvi haqida yozgandi.

O‘zbekiston Kuvaytning uchta farmatsevtika kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kuvaytning “Al Imtiaz Investment Group” kompaniyasi mamlakatda shartnovamiy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Vakillari Toshkentga tashrif buyurgan “Gulf Care General Trading” kompaniyasi bilan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha $260 mlnlik “o‘zaro manfaatli shartnomalar” imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Birinchisi — hududlarda diagnostika markazlarini tashkil etish, ikkinchisi — mamlakatning beshta hududida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, uchinchi yo‘nalish — ta’lim sohasi, jumladan, kadrlarni xorijda o‘qitish va ishga joylashtirish va to‘rtinchi yo‘nalish — diagnostika xizmatini yaxshilashga e’tibor qaratgan holda laboratoriyalar yaratish”, — dedi Abdulla Azizov.

Farmatsevtika agentligi direktori, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan “Kuwait Saudi Pharmaceutical Industries” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Tomonlar shartnomaviy ishlab chiqarishni joriy etish orqali MDH mamlakatlarga eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Kuvayt kompaniyasi vakillarining “yaqin 2−3 oy ichida” mamlakatga tashrifi kutilmoqda.

“Gulf Care General Trading” rahbari Iyad as-Solih O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga birinchi bosqichda $260 mln sarmoya kiritish rejalari haqida so‘z yuritdi. Mablag‘lar Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo va boshqa hududlarda “yirik loyihalar"ni amalga oshirish imkonini beradi.

Avvalroq Kuvayt O‘zbekistonda qo‘shma logistika markazini tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.