Prezidentning 14-fevraldagi farmoni bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.

Bandlik vazirligiga aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi berildi.

Vazirlik tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo‘yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni “yashil” va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va ularni kambag‘allikdan chiqarishni amalga oshiradi.

Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash tuzildi.

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Bandlik vazirligi huzurida Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyaviy yordam taqdim etiladi.

Har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyiha uchun grantlar ajratiladi. Bunda loyiha qiymati BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) dan oshmasligi kerak.

Usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kursga BHMning 15 baravari (5,625 mln so‘m) gacha subsidiya beriladi.

Muayyan mahalladagi 50% xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchilarga banklar orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun kreditlar taqdim etiladi. Mablag‘lar 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) beriladi.

Shuningdek, aholi tomorqalari va ijara yerlarida ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti asosida lizingga beriladi.

Avvalroq tomorqasidan yuqori daromad olgan dehqonlarga yer solig‘ining 90%i qaytarib berilishi haqida xabar berilgandi.