“Tesla” va “SpaceX” bosh direktori Dubayda 17 kilometr uzunlikdagi yer osti tunnel tizimini qurish rejalarini e’lon qildi.
“Dubai Loop” loyihasini Ilon Maskka tegishli bo‘lgan “The Boring Company” ishlab chiqadi. Tunnel haydovchisiz avtomobillar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 20 000 tagacha yo‘lovchini qabul qila oladi.
Qayd etilishicha, yaqin vaqt ichida 11 ta bekatdan iborat 17 kilometrlik sinov qismi qurilishiga kirishiladi.
Tarmoq shaharning asosiy transport tugunlari va diqqatga sazovor joylarini bog‘lovchi 100 dan ortiq bekatlarn o‘z ichiga oladi.
Yangi transport loyihasi shahar infratuzilmasiga yukni kamaytirishga qaratilgan. Tunnellar shahar landshaftini saqlab qolgan holda yo‘llardagi tirbandliklarning oldini oladi va atrof-muhitga ta’sirini kamaytiradi.
Bundan tashqari, bunday tizim mintaqa uchun xos bo‘lgan yuqori harorat sharoitida ham qulay harakatlanishni ta’minlaydi.
G‘oya Dubaydagi Butunjahon hukumatlar sammitida taqdim etildi. Maskning ta’kidlashicha, yer osti transporti qum bo‘ronlari kabi og‘ir ob-havo sharoitlarida ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.
U tizimni ko‘rsichqon iniga qiyosladi. Uning aytishicha, bu tezkor va qulay harakatlanishni ta’minlaydi. BAA sun’iy intellekt vaziri Umar Al Olama loyihaning mamlakatning innovatsiyalar sohasida yetakchilik qilish intilishiga mos kelishini bildirdi.
Ushbu texnologiyaning prototipi allaqachon Las-Vegasda amalga oshirilgan. AQShda tunnellar tutun va yong‘in xavfi bilan kurashish uchun shamollatish tizimi va xavfsiz evakuatsiya qilish mexanizmlari bilan jihozlangan.
Bunday xavfsizlik choralari Dubay loyihasida ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Tunnellarda yuqori voltli liniyalar bo‘lmaydi, bu esa yo‘lovchilar uchun xavflarni kamaytiradi.
Avvalroq “Spot” Ilon Mask Marsga sun’iy intellektga ega robotlarni yubormoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Maskning ta’kidlashicha, Marsga sayohat 26 oyda bir marta amalga oshirilishi mumkin va keyingi parvoz 2026-yil noyabr oyida rejalashtirilgan.