Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiradigan fermerlar jihozlar xarid qilishi uchun qo‘shimcha subsidiyalar oladi. Vazirlar Mahkamasi bu haqda tegishli qaror qabul qildi.
Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar sholichilikda foydalaniladigan yerlarni tekislash hamda urug‘ sepish va ko‘chat o‘tqazish uskunalarini sotib olish uchun mo‘ljallangan. Har ikkala turdagi to‘lovlar bo‘yicha belgilangan tartib 2026-yilning oxirigacha amal qiladi.
Tekislash uchun beriladigan subsidiya bir gektarga 1 mln so‘mgacha miqdorda bu ishda ishlatiladigan barcha yoqilg‘i-moylash materiallarining xarajatlarini qoplaydi. Urug‘ sepish mashinasi xarid qilinganda, ularning qiymatining 20%i qoplab beriladi.
Subsidiyalashni tashkil etish uchun tumanlarda quyidagi tarkibda ishchi guruhlar tashkil etiladi:
- hokim;
- hokimning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
- “O‘zagroinspeksiya"ning mahalliy bo‘limi boshlig‘i;
- urug‘ sepish va ko‘chat o‘tqazish uskunalarini sotib olishga subsidiyalar uchun — xizmat ko‘rsatuvchi bank filiali rahbari;
- tekislashga subsidiyalar uchun — prokuror, tuman IIB boshlig‘i, iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i hamda suv yetkazib berish xizmati rahbari.
Fermer zarur hujjatlarni ilova qilgan holda “Agrosubsidiya” tizimi orqali ariza topshirishi lozim. Tekislash ishlariga subsidiya olish uchun arizalar ishlar yakunlangandan so‘ng 5 kun ichida, texnika xarid qilish uchun subsidiyalarga oid arizalar esa xarid qilingan sanadan boshlab bir yil davomida qabul qilinadi.
Ariza qabul qilingandan so‘ng, ishchi guruh joyida tekshiruv o‘tkazadi (tekislash uchun 3 ish kuni, texnika sotib olish uchun 5 ish kuni). Keyin, agar hech qanday muammo aniqlanmasa, guruh xulosa tayyorlab, uni Qishloq xo‘jaligi vazirligiga jo‘natadi.
Hujjatlar vazirlik tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng subsidiya to‘lash yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlanadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, pul fermerning asosiy bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Avvalroq “Spot” sholi yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, sholi ekish uchun xarid qilingan uskunalar qiymatining 20%i davlat budjetidan subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.