O‘zbekistonda birinchi marta tarmoqsimon polietilen (PE-X) xomashyosi ishlab chiqariladi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” hamda mahalliy “Techno Cable Group” kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Uning doirasida tomonlar yakuniy kelishuvni imzolab, loyihaga start berdi. Xususan, “Nasaf XCP Techno” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
Loyiha qiymati $8 mln bo‘lib, uning ishga tushirilishi natijasida ichki bozorning yillik 25−30 ming tonnalik ehtiyojini mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplash mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha orqali import hajmini yiliga $30 mlnga kamaytirish hamda 65 ta yangi ish o‘rnini yaratish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya matbuot xizmatining qayd etishicha, tarmoqsimon polietilen (PE-X) oddiy polietilenga nisbatan mustahkam, elastik va yuqori haroratga chidamli bo‘lib, suv va gaz quvurlari, isitish tizimlari, elektr izolyasiyasi sohalarida qo‘llaniladi.
Avvalroq Malayziyaning “Five Petroleum” kompaniyasi O‘zbekistonda AYQShlar tarmog‘ini qurishi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, kompaniya mamlakat hududlarida transport-logistika infratuzilmasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.