“Orient Group” va “Golden House” kompaniyalari “Anhor” va “Navro‘z” bog‘lari hududida ko‘p qavatli uylar qurilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Xususan, “Orient Group Management” kompaniyasi “Golden House” developeri ham, “Orient Group"ning boshqa kompaniyalari ham bu loyihani amalga oshirishni yoki xabarlarda ta’kidlangan maydonchada qurilishni rejalashtirmaganligini ma’lum qiladi.
Internetda tarqatilgan vizualizatsiya 2024-yilda kompaniyadan ketgan “Golden House"ning sobiq xodimining ichki taqdimotidan olingani qayd etildi. “Turli loyihalar muntazam ravishda kompaniyalar va tashqi hamkorlar tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ishchi guruhlarga taqdim etiladi, yakunda ularning hammasi ham ma’qullanmaydi”, deyiladi xabarda.
“Orient Group Management” “Anhor” bog‘i hududida joylashgan “Anhor” savdo markaziga bo‘lgan mulk huquqini boshqa xususiy kompaniyaga o‘tkazish niyatida ekanligi faqat ushbu maydonchada, savdo markazi hududi bilan chegaralangan holda, uchinchi tomon kompaniyasi yangi bino qurishi ta’kidlandi.
“„Golden House“ haqida bunday fikrlarni bildirayotgan nashrlar bizni juda hayratda qoldirdi. Kompaniyaning ichki taqdimotidagi ma’lumotni internetga kim va nima maqsadda joylashtirgani hamda toshkentliklarning noroziligiga sabab bo‘lganini bilmaymiz. Afsuski, bu masalani yoritayotgan OAV vakillari va blogerlarning hech biri biz bilan bog‘lanib, rasmiy tushuntirish so‘ragani yo‘q”, — dedi “Golden House” bosh direktori Vladimir Kalina.
Shuningdek, u kompaniya poytaxtning boshqa hududlarida ham loyihalarni amalga oshirayotganini, “Anhor” va “Navro‘z” bog‘larida ish olib borishni rejalashtirmayotganini qo‘shimcha qildi. “Meni yaxshi tushunishlari uchun yana bir bor takrorlab o‘taman, bu obyektlar, ayniqsa, bog‘larning yashil hududlari bo‘yicha mutlaqo rejalarimiz yo‘q”, deya yakunladi so‘zini Vladimir Kalina.
Gap nima haqida?
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Anhor Park” buzilishi haqidagi xabarlar hamda uning o‘rnida amalga oshiriladigan yangi loyihaning renderlari tarqaldi.
Parkdagi savdo markazi ijarachilari yopilish to‘g‘risida xabarnoma olganliklari va binolarni bo‘shatishlari kerakligini ta’kidladilar. Hozir barcha do‘kon va savdo nuqtalari faoliyatini to‘xtatgan, fudkort hududida esa faqat bir nechta ovqatlanish shoxobchalari ishlayapti.
Hozirgacha park ma’muriyati, shahar hokimiyati yoki quruvchi tashkilot holat yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo‘q, bu yerda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tender va auksionlar haqida ham ma’lumotlar e’lon qilinmagan.
“Spot” vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida park ma’muriyati, ijarachilar va “Anhor” parkining buzilishiga qarshi bo‘lgan faollar bilan suhbatlashdi. Xususan, park ma’muriyati buzilish haqida ogohlantirilmaganini ma’lum qildi.
“Biz o‘zimiz ham bu haqda bir necha kun oldin OAV orqali xabar topganmiz. Ayni paytda rahbariyat va ta’sischilar tomonidan buzish yoki rekonstruksiya qilish to‘g‘risida hech qanday xabarnoma yoki buyruq kelib tushmagan”, — dedi “Anhor” bog‘i vakili.
Ekofaollar “Anhor” bog‘i o‘rnida qurilish amalga oshirilishiga qarshi chiqib, buning sababi sifatida jiddiy ekologik va shaharsozlik xavflarini keltirishmoqda.
Undan keyin Ekopartiya deputati Baxtiyor Po‘latov holat yuzasidan Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi va poytaxt hokimligiga bog‘ni dam olish maskani sifatida saqlab qolish choralari ko‘rilgani va uning atrofida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi qonunchilikka muvofiq kelishi yuzasidan so‘rov yubordi.
“Anhor Lokomotiv” bog‘i va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi rejalashtirilganligi haqidagi xabarlar keng jamoatchilik va bog‘ yaqinida yashovchi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.