O‘zbekistonning ikkita shahri uchun Xitoydan yangi avtobuslar xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

19-fevral kuni vazirning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov videokonferens aloqa orqali Xitoyning “Zhongtong Bus Holdings Co., Ltd” kompaniyasi, CIB banki hamda “Sinosure” sug‘urta tashkiloti mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda mamlakatning Olmaliq, Termiz hamda Toshkent shaharlari uchun avtobuslar xarid qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Olmaliq shahriga “Olmaliq Trans Service” tomonidan 83 dona, Termiz shahri uchun esa “Termiztransportxizmat” tomonidan 100 dona avtobus sotib olish rejalashtirilgan.

Xabarda qayd etilishicha, bu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish belgilangan. Biroq, poytaxt uchun nechta avtobus olib kelinishiga aniqlik kiritilmagan.

Shu bilan birga, uchrashuvda mamlakatning boshqa viloyatlariga ham avtobuslar sotib olish uchun kredit va lizing shartlarini yengillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Xitoyning mazkur “Zhongtong Bus Holdings” kompaniyasi Toshkent shahri uchun 200 dona elektrobus xarid qilish bo‘yicha tenderda ishtirok etgandi. Biroq mamlakatning “Yutong Bus Co., Ltd.” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Joriy yil boshida e’lon qilingan 2025-yilgi davlat dasturi loyihasi bilan poytaxt jamoat transporti uchun 200 ta elektrobus hamda ular uchun quvvatlash uskunalarini olib kelish taklif etilgandi.

Shu bilan birga, Nukus va Namangan shaharlarining har biriga 50tadan, Samarqand shahriga esa 250ta elektrobus olib kelish, quvvatlash uskunalarini xarid qilishni nazarda tutuvchi loyihalarning TIAni ishlab chiqish belgilanmoqda. Loyiha joriy yilning avgustigacha tayyorlanadi.

Undan keyin Ilhom Mahkamov prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Toshkentga qo‘shimcha 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.

Fevral oyida Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Yutong Bus"ning xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Syuy Pen bilan uchrashib, unda jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun harakat tarkiblarini yangilash vazifalarini muhokama qildi. Unda 200 ta elektrobus sotib olish loyihasi hamda Toshkent uchun 1000 ta avtobus sotib olish loyihasi yuzasidan fikr almashildi.