Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda banklardagi omonat hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini yechishda iste’molchidan mablag‘ manbasi so‘ralayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka asosan jismoniy shaxslar o‘zlariga tegishli omonat hisobvaraqlaridan mablag‘larini yechishda uning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida ma’lumot talab qilinmaydi.
Shuningdek, Markaziy bank moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilishiga doir yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aholi va tadbirkorlarning murojaatlari hamda boshqa manbalar orqali doimiy ravishda o‘rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.
Regulyator fuqarolardan omonat hisobvarag‘idagi pullarini yechishda ulardan mablag‘larning kelib chiqish manbasi to‘g‘risida ma’lumot talab qilinsa, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga murojaat qilishni so‘radi.
Mazkur masaladagi murojaatlar 71 212 60 94, 71 212 73 62 raqamlari orqali qabul qilinadi.
Shu bilan birga, banklar, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari faoliyatida xizmatlar ko‘rsatilishiga oid iste’molchilarning huquqlari buzilayotgani yuzasidan murojaat va takliflarni Markaziy bankning info@cbu.uz elektron manziliga yuborish mumkin.
Bundan oldin, Markaziy bank matbuot xizmati mijozlarni tekshirish to‘g‘risidagi ko‘rsatma fuqarolar omonatlariga taalluqli emasligi, bu faqat jismoniy shaxslar — ham rezidentlar, ham norezidentlarning yirik miqdordagi xalqaro pul o‘tkazmalariga ta’sir qilishini “Spot"ga bildirgandi. Bu Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi tavsiyalari doirasida amalga oshiriladi.
Markaziy bank xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarining transchegaraviy pul o‘tkazmalari miqdori kamligi sabab, mablag‘larning kelib chiqishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar talab qilinmasligini ta’kidladi.
Avvalroq Markaziy bank kafolatlangan omonatlarning cheklanishiga izoh berib, yangi talablar qonun kuchga kirgungacha banklarga qo‘yilgan omonatlarga nisbatan tatbiq etilmasligini, ular to‘liq kafolatlanishini ma’lum qilgandi.