Avvalroq prezident energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash maqsadida yirik sanoat korxonalarida energiya me’yori belgilanishi ma’lum qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Ilhom Ne’matullayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 2 034 ta yirik ishlab chiqarish korxonalarida elektr energiyasi, tabiiy gaz va neft mahsulotlarini tejash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanganini ma’lum qildi.

Ne’matullayev energiya resurslarini tejash tadbirlarining asosiy maqsadi tannarxni pasaytirish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi. “Shuni ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga yetkazishimiz kerak”, dedi u.

“O‘zenergoinspeksiya” rahbari asosiy yo‘nalish sifatida har bir ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligiga sarflanayotgan yoqilg‘i-energetika resurslari me’yorlarini ishlab chiqishni ta’kidladi. Buning uchun inspeksiya elektr energiyasi va gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlari (ASKUE va ASKUG) orqali statistikani o‘rganadi.

Buning uchun olti oy ichida “Uzinfocom” yagona integratori bilan birgalikda raqamlashtirish orqali dasturiy ta’minot ishlab chiqilib, barcha sanoat korxonalarida joriy etiladi.

Shuningdek, Ilhom Ne’matullayev ijtimoiy soha obyektlarida energiya resurslarini tejash maqsadida quyosh panellari va geliokollektorlar bilan birga yoritish uchun harakat datchiklarini ham o‘rnatish, binolarni issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlash, eshik va deraza romlarini almashtirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish topshirilganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda elektr energetikasi faoliyati uchun litsenziyalar joriy etilayotgani haqida xabar bergandi.