Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili 50 mlrd kub metr tabiiy gaz, 81 mlrd kilovatt soat elektr ishlab chiqarildi. 2035-yilga borib, elektr iste’moli hozirgidan 1,7 barobar oshishi hisob-kitob qilingan. Bu talabni to‘liq qondirish uchun ishlab chiqarish bilan birga, tejamkorlik ham zarur ekanligi qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda $1 lik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanayapti. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14%, tabiiy gazda esa 7% dan yuqori.
Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 mlrd kVt/soat elektr va 1 mlrd kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.
Taqdimotda shu kabi o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi. Masalan, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni yangisiga almashtirib, yiliga 1 mlrd kVt/soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 mln kub metr gaz, 15 mln kVt/soat elektrni iqtisod qilsa bo‘ladi.
Joriy yil 1,6 mlrd kub metr gaz va 3,5 mlrd kVt/soat elektrni tejash mo‘ljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.
Yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yori belgilanadi. Bu energiya sarfini 5−10% ga qisqartiradi. Ijtimoiy obyektlarda energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.
Ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar beriladi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.
Davlat rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
28-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidlagandi. Mutasaddilarga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish topshirildi.