OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha davlat rahbari 14-fevral kuni tegishli qarorni imzoladi.

Dastur “O‘zmilliybank” tomonidan amalga oshirilib, buning uchun hududlarda autsorsing asosida “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etiladi.

Buning uchun bankka Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $80 mln ekvivalentida 10 yilga, jumladan, 3 yillik imtiyozli davri bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foizda mablag‘ ajratiladi.

Shu bilan birga, $20 mln ekvivalenti miqdorida beg‘araz mablag‘ taqdim etiladi. Bu pullar talabalarni kasbga tayyorlash va ularning kasbiy amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Dastur doirasida o‘z biznes g‘oyalarini joriy etish istagidagi bitiruvchilarga g‘oyadan tayyor loyihagacha olib chiqishda hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirishga ko‘maklashiladi.

Shu bilan birga, OTM bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga yordam beriladi.

Bunda salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi.

Individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Barcha OTMlar dasturda ishtirok etishlari mumkin, buning uchun markazlar bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzishlari kerak.

14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida oliygohlarni tugatayotgan 90 ming bitiruvchi mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalayotgani qayd etilgandi.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz berilishi ma’lum qilingandi. 1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun"lari o‘tkaziladi. Hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlari tashkil qilinib, tadbirkorlikni boshlagan yoshlarga yordam beriladi.