Avvalroq prezident energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda yirik sanoat korxonalarida energiya me’yori belgilanishi ma’lum qilindi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida mavjud energiyani tejash hamda amalga oshiriladigan loyihalarda energiya samaradorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berganini qayd etdi.
Xususan, qurilishda ko‘p qavatli uy-joylarni “yashil” binolarga aylantirish va hozirgi uy-joylarning energiya samaradorligini 30−35% ga oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash belgilangan.
“Bizning markazlashgan issiqlik tizimimizda yo‘qotishlar juda ko‘p. Prezidentimiz issiqlik ta’minotidagi yo‘qotishlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan birgalikda ishlarni tashkil etamiz”, — dedi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri.
Uning qayd etishicha, davlat rahbari energiyani tejash maqsadida shaharsozlik normalari va qoidalarini o‘zgartirish, xalqaro tajribani o‘rganish va qurilayotgan obyektlarda 1 kub metr joyni issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashda ishlatiladigan gaz va elektr iste’moli me’yorlarini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar bergan.
Bundan tashqari, ijtimoiy soha obyektlarida xorijiy tajriba asosida qozonxonalar va elektr uskunalarini yangilash rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun energiya resurslarini iqtisodiy samaraliy foydalanish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Qurilish vazirligi va Energetika vazirligi butun mamlakat bo‘ylab ijtimoiy obyektlarning energiya iste’molini auditdan o‘tkazadi va kelgusi kuz-qish mavsumida yo‘qotishlarni kamaytirish choralarini ishlab chiqadi.
28-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidlagandi. Mutasaddilarga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” va “Uzinfocom” yagona integratori yirik korxonalarning energiya iste’molini raqamlashtirishi haqida xabar berilgandi.