“Apple” kompaniyasi yangi iPhone 16e modelini taqdim etdi. Bu model flagman texnologiyalarni nisbatan arzonroq narxda taklif qiladi.
Smartfon A18 protsessori va “Apple C1” modemi bilan jihozlangan bo‘lib, bu yuqori unumdorlik, energiya tejamkorligi va “Apple Intelligence” sun’iy intellektini qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.
Gadjet iPhone SE o‘rnini egalladi. Qurilmaning narxi 599 dollarni tashkil etadi, xotira hajmi — 128, 256 va 512 GB.
iPhone 16e 6,1 dyuymli “Super Retina XDR OLED” displeyiga ega bo‘lib, u “Ceramic Shield” oynasi bilan himoyalangan. Smartfon IP68 himoya darajasiga ega, bu esa uni suv va changga chidamli qiladi. U ikkita rangda — oq va qora rangda sotuvga chiqariladi.
Qurilma A13 Bionic’dan 80% tezroq bo‘lgan A18 chipida ishlaydi.
O‘rnatilgan “Apple C1” modemi 5G tarmoqlarida samarali ishlashni ta’minlaydi va optimallashtirilgan energiya iste’moli tufayli iPhone 16e oldingi SE modellariga qaraganda 12 soat ko‘proq ishlashi mumkin.
Smartfon, shuningdek, 2x Telephoto funksiyali 48 megapikselli Fusion kamerasi bilan jihozlangan bo‘lib, u optik zum yordamida yuqori sifatli suratlar olish imkonini beradi.
Kamera tungi va portret rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi, hamda “Dolby Vision” va fazoviy ovoz bilan 4K formatda video yozib olish imkoniyatiga ega.
Apple Intelligence yangi intellektual imkoniyatlarni taklif qiladi:
- Clean Up — fotosuratdagi keraksiz obyektlarni olib tashlash;
- Image Playground — shaxsiylashtirilgan tasvirlarni yaratish;
- murakkab savollarga javob berish uchun “ChatGPT” integratsiyasiga ega “Siri” ovozli va matnli yordamchisi.
https://twitter.com/tim_cook/status/1892256774297964897
Yangi iPhone 16e dunyoning 59 mamlakatida 28-fevraldan sotuvga chiqadi, oldindan buyurtma berish esa 21-fevraldan boshlanadi.
Smartfon 128, 256 va 512 gigabayt xotiraga ega bo‘ladi, AQShda uning boshlang‘ich narxi $599ni tashkil etadi. “Apple”, shuningdek, aloqa operatorlari va eski modellarni almashish dasturi orqali sotib olishda chegirmalarni taklif qiladi. Yangilikning to‘liq sharhi kompaniyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.
Avvalroq “Spot” “Apple” har yili yangi mahsulotlarni chiqarishdan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya bir vaqtning o‘zida ko‘plab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnik muammolarga olib kelishini tushunmoqda.