20-fevral kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

1 gramm oltin 1 mln 264 ming 650 so‘mga baholanib, o‘tgan kunga nisbatan 0,5%ga qimmatlashgan. 5 grammlik o‘lchovli quyma 6 mln 323 ming so‘m turadi — bu yil boshidan beri 12-narx rekordi va bir oy oldingiga nisbatan deyarli 9%ga qimmat.

17-yanvardan Markaziy bank 100 gramm og‘irlikdagi o‘lchov quymalarini sotuvga chiqardi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bu aholi uchun investitsiya imkoniyatlarini oshiradi.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 323 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 647 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 25 mln 293 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 63 mln 233 ming so‘m;
  • 100 gramm oltin quyma narxi 126 mln 465 ming so‘mni tashkil qiladi.

Oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $2950ga yaqinlashdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $2942,8ni tashkil qildi.

Yil boshidan beri oltin, AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi o‘sib borayotgan keskinlik fonida eng daromadli aktivga aylandi.

Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan ularni sotib olish orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.