Ispaniyaning “Unvi” kompaniyasi O‘zbekistonda “Mercedes” avtobuslarini elektrobuslarga aylantirishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov kompaniya bosh direktori Eloy Peres bilan uchrashdi. Tomonlar “yashil” transport va avtomobilsozlik sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qildi.
Kompaniya rahbari O‘zbekistonda ispan texnologiyalari va brendidan foydalangan holda shahar, shaharlararo va sayyohlik avtobuslari, mikroavtobuslar ishlab chiqarishni tashkil etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, Toshkent avtoparklaridan foydalanishdan chiqarilgan “Mercedes-Benz Conecto” rusumli avtobuslarni elektrobuslarga aylantirish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalar transferi ham ko‘zda tutilgan.
Ispaniya tomoni raqobatbardoshlik va mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda “SamAvto” zavodi negizida qo‘shma loyihasini bosqichma-bosqich ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Avvalroq O‘zbekistonning ikkita shahriga Xitoydan 180 dan ortiq avtobus xarid qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar hududlarga avtobus sotib olish uchun kredit va lizing shartlarini yengillashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
1992-yilda tashkil etilgan “UNVI” kompaniyasi “Perez Rumbao S.A.” guruhiga kiradi va Ispaniya va Portugaliyada ishlab chiqarish quvvatlariga ega. U Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Norvegiya, AQSh, Kanada, Xitoy, Yaponiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarga ichki yonuv dvigatelli va elektr motorli avtobuslar yetkazib beradi.