14-fevral kuni “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan mazkur kompaniya muassisligida tashqi va ichki bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kesimida bazaviy va qamrab olinadigan tumanlarni belgilash va ushbu hududlardagi mahallalarda mahsulot yetishtirishning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etiladi.

Bunda bazaviy tumanlar ixtisoslashgan kompaniyalarning asosiy faoliyati uchun markaz bo‘ladi. Aholi tomorqalarida va dehqon xo‘jaligi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi.

Xususan, uzum ko‘chatini shpalerga o‘tkazishga har bir shpaler uchun 15 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Tomorqadagi bog‘larni yangilash uchun “in-vitro” ko‘chat sotib olish xarajatining 50%i qoplab beriladi.

Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularning xaridi uchun 14% stavkada (shundan 5% bank marjasi) sug‘urta polisi va 30% lik garov ta’minoti asosida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Buning uchun 2025-yilda 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.

1-martgacha “Uzex Agro” elektron savdo platformasida aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqi bozorlarga sotish imkoniyati yaratiladi.

Joriy yilda Asaka, Kitob, Baxmal, Xatirchi va Farg‘ona tumanlarida, 2026-yilda esa qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan yana kamida 5 ta tumanda kichik logistika markazlari, shu jumladan, sig‘imi 100 tonnadan kam bo‘lmagan muzlatkichli sig‘imlar, urug‘lik, ko‘chat, kimyoviy vositalar va mineral o‘g‘itlarni tarqatish markazlari barpo etiladi.

Tomorqa va uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydonlari egalariga onlayn maslahat va ma’lumot olish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish hamda mahsulotlarni sotish bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatish va monitoring qilish platformasi ishga tushiriladi.

Unda dehqonlarga yetishtiradigan mahsulotining 70%igacha miqdorda imtiyozli onlayn kredit ajratish tizimi ishga tushiriladi.

Yanvar oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan tomorqa va ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishga qaratilgan yig‘ilishda dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzilib, uning tarkibida “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq ayrim dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi haqida xabar berilgandi. Mahallalarda aholi tomorqalarida amalga oshirilgan namunali va innovatsion loyihalar uchun 37,5 mln so‘mgacha grantlar ajratiladi.