Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Londonda mamlakat biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va ekspertlari bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlarda Britaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biri sifatida ko‘rishi va rasmiy Toshkent bilan har tomonlama aloqalarni yanada tezlashtirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro savdodagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qildilar.
“Ikkala tomon ham [muzokaralarni] yakunlash majburiyatini bildirmoqdalar, ko‘p qolmadi”, — deb yozadi Urunov o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida.
Buyuk Britaniya bilan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘sish va rivojlanish dasturi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik yordamni kengaytirishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, ushbu dastur doirasida mutaxassislarining salohiyati, xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish belgilanmoqda.
Yanvar oyida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakuni natijasida bitim imzolangan davlatlar soni 23 taga yetganini, bundan tashqari, qisqa vaqtda biznesni va raqobatni shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilinganini qayd etgandi.
JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.
Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tashkilotga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berib, bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etdi.