20-fevral kuni qabul qilingan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini yashilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar bilan quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:

  • Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini noqonuniy tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek, ularni qalbakilashtirganlik uchun;
  • Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
  • Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
  • Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
  • Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshsa, ma’muriy jazo qo‘llaniladi.

Bunda haydovchiga nisbatan belgilangan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bu har bir huquqbuzarlik uchun 2 balldan oshmasligi kerak. Jarima ballari birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, bir yil davomida hisoblab boriladi va bir yil o‘tgach haydovchidan avtomatik tarzda yechiladi.

Ballar miqdori bir yilda 12 balldan oshsa, oxirgi huquqbuzarlik uchun belgilangan jazoga qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.

Shuningdek, quyidagilar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilandi:

  • siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
  • transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;
  • transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun;
  • yo‘l bezoriligi uchun;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2022-yilning dekabridan O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini joriy etish belgilangandi. 2023-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini qabul qildi. 2024-yilning avgustida Senat qonunni qayta ishlash uchun qaytargandi.

Avvalroq avtomobilga gaz ballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Uning narxi 112,5 ming so‘mni tashkil etadi.