O‘zbekiston fuqarolari Germaniyaga ishga taklif etmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik Germaniyaning “Seit For Tomorrow GmbH & Co. KG” kompaniyasi bilan birgalikda yuk mashinasi haydovchilaridan (tirkamali yuk mashinasi) bo‘sh ish o‘rinlari uchun arizalar qabul qilmoqda.
Hozirda “Comlek” transport korxonasida 160 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Ish haftasiga 5 kun, 45 soatgachani tashkil etadi.
Nomzodlar 20−42 yosh oralig‘ida, CE toifali haydovchilik guvohnomasi hamda nemis tilidan B1 daraja xalqaro til sertifikati yoki nemis tili filologiyasi diplomiga ega bo‘lishi kerak.
Qabul qilinganlarga 3 ming yevro (soliqlar ushlab qolingandan so‘ng — 2 200 yevro atrofida) miqdorida oylik ish haqi beriladi.
Ularga aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer hamda Germaniyada yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, sug‘urta (80 yevro) xarajatlari qoplab beriladi.
Germaniyaga borgan fuqaro toifasi bo‘yicha 4−6 oy davomida kasbga qayta tayyorlanadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga 3 yillik mehnat shartnomasi beriladi. Sinov muddati — 6 oy.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan yoki Migratsiya agentligining 71 202 33 55 (ichki raqam 10) telefon raqami orqali olish mumkin.
Avvalroq o‘zbekistonliklar payvandchi, muhandis-mexanik hamda chilangarlik sohalari bo‘yicha Germaniyaga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.