Ilon Maskning “xAI” kompaniyasi “Grok 3” til modellarining yangi avlodini taqdim etdi.

Neyrotarmoq Colossus “gigakompyuteri"da 200 ming Nvidia H100 chiplaridan foydalangan holda o‘qitildi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, “Grok 3” avvalgi modeldan o‘n barobar kuchliroq. Ishlab chiquvchilarning o‘zlari tomonidan taqdim etiladigan testlar davomida “Grok 3” matematik masalalarni yechish, kodlash va ilmiy ishlarda asosiy raqobatchilar — “GPT-4o”, “Claude 3.5 Sonnet”, “Gemini-2 Pro” va “DeepSeek-V3” dan o‘zib ketdi.

Yangi model ikki xil ko‘rinishda taqdim etildi: Grok 3 Reasoning va Grok 3 mini. Bundan tashqari, model murakkab vazifalarni yechish va chuqurlashtirilgan ma’lumot izlash uchun mos ravishda “Big Brain” va “Deep Search” funksiyalari bilan jihozlangan.

Biroq, foydalanuvchilar tomonidan neyrotarmoq ishlashining dastlabki sinovlari shuni ko‘rsatmoqdaki, boshqa chat-botlar va “Grok"'ning oldingi avlodlariga xos bo‘lgan ko‘plab muammolar hali ham mavjud.

Masalan, chat-bot hazillarni har doim ham tushunmaydi, axloqiy masalalarni yaxshi hal qila olmaydi, shuningdek, to‘qib chiqarilgan ma’lumotlarni va hatto mavjud bo‘lmagan internet havolalarini ham haqiqat sifatida taqdim etishi mumkin.

“Grok 3"ga hozircha faqat “X” ijtimoiy tarmog‘idagi Premium+ obuna egalari kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu obuna oyiga $22ga tushadi.

Yangi chat-botning barcha imkoniyatlaridan foydalanish uchun esa oyiga $30 turadigan “SuperGrok” obunasini rasmiylashtirish talab etiladi.