Qirg‘iziston O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegarada transport nazoratini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Tegishli qaror loyihasi Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilindi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi qoidalariga ko‘ra, ittifoqning tashqi chegarasidagi barcha avtomobil o‘tkazish punktlarida transport nazorati majburiy hisoblanadi.

Transport vazirligi bojxona va transport nazoratini amalga oshiradigan nazorat-o‘tkazish punktlari ro‘yxatiga quyidagi manzillarni kiritishni taklif etmoqda:

  • Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida — “Qayrag‘och” va “Bor-Dobo” nazorat-o‘tkazish punktlari;
  • Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasida — “Qizil-Qiya”, “Qora-Bog‘ish”, “Ken-Say” nazorat-o‘tkazish punktlari;
  • ichki avtomobil yo‘llarida — “Sari-Chat” nazorat-o‘tkazish punkti.

Bu O‘zbekiston va boshqa davlatlarning yuk avtomobillariga Qirg‘iziston orqali, shu jumladan Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonga tranzit yo‘nalishlarida yuklarni erkin tashish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda YeOII tashqi chegarasining Qirg‘iziston qismida transport nazorati “Torug‘art”, “Irkeshtam” (XXR), “Qoramiq”, “Qizil-Bel”, “Qulundu” (Tojikiston) va “Do‘stlik” (O‘zbekiston) o‘tkazish punktlarida amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan Transport vazirligi o‘tkazish punktlari ro‘yxatini o‘zgartirib, ularga transport nazoratini qo‘shishni taklif qilmoqda.

Bu yuk mashinalari harakatini kuzatish va YOII mamlakatlari o‘rtasida avtomatik rejimda ma’lumot uzatish imkonini beradi.


Avvalroq “Spot” 1-fevraldan Qozog‘iston bilan chegaradagi “Dovud ota” posti uch oyga yopilishi haqida yozgandi.

Cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab o‘rnatilmoqda hamda faqat yuk avtomobillari harakatlanishi mumkin.