2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning sof foydasi birinchi marta 1 trillion so‘mdan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning moliyaviy holatiga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Yanvar-dekabr oylarida mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadi 3,4 trln so‘mni, xarajatlari 1,5 trln so‘mni, sof foydasi 1 trln so‘mni tashkil etdi.

Mikromoliya tashkilotlari 3 trln so‘m daromad oldi, shundan deyarli yarmi xarajatlar qismiga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, ularning sof foydasi 833 mlrd so‘mni tashkil etdi.

O‘z navbatida, lombardlarning daromadi 354 mlrd so‘mdan oshdi, xarajatlar esa 138 mlrd so‘mni tashkil etdi. Natijada ularning sof foydasi 170 mlrd so‘m atrofida shakllandi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlarining foizli daromadlari umumiy daromadlarning 70%ini tashkil etib, buning 99,3%i ajratilgan kreditlar hisobiga shakllanadi. Xarajatlar tuzilmasida mikromoliya tashkilotlarining foizsiz xarajatlari 10%ni (lombardlarda 11%), operatsion xarajatlar 44%ni (81%), foizli xarajatlar esa 46%ni (8%) tashkil etdi.

Mikromoliya tashkilotlarining mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali oladigan foizli daromadlarida ko‘rsatilgan xizmatlar segmentatsiyasi ulushida mikroqarzlarning ulushi 97−99% oralig‘ida shakllangan.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, mikroqarzlar (45,83 trln so‘m) va mikrokreditlar (17,4 trln so‘m) ajratish hajmi yarmidan ko‘proqqa oshdi. Ikkinchi yarim yillikda mikroqarzlarning o‘sish sur’atlari tezlashdi va dekabr oyida 5,1 trln so‘m bilan mutlaq rekord o‘rnatildi.

Mikromoliyalash

2024-yil yanvar oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov mikromoliyalash bozorida ko‘pik paydo bo‘lishi uchun hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qilgan edi. 2023-yilda umumiy portfelda chakana kreditlarning ulushi 26%dan 33%ga ko‘tarildi va chakana kreditlashning ayrim segmentlarida o‘ta qizib ketish holatlari kuzatildi.

Fevral oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev mikroqarzning eng yuqori miqdorini ikki barobarga — 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirishni tasdiqladi.

Joriy yil yakuniga qadar 50 ta mikromoliya tashkilotini tashkil etib, ularga 1 trln so‘m miqdorida moliyaviy resurslar ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Iyul oyida Markaziy bank Islom moliyasi sohasida mikromoliya tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi bilan shug‘ullanishi mumkin, ammo buning uchun ular maxsus kengash tuzishlari va alohida hisobot yuritishlari kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, 1-noyabrdan onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartib amal qila boshladi.

Unga ko‘ra, endilikda fuqarolardan ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari talab etiladi.

Bu talabgorning arizani shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.

Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi.

Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.


Avvalroq “Spot” 2024-yilda O‘zbekistonda iste’mol va avtokreditlar ajratish ikki baravarga kamaygani haqida yozgandi.