Toshkent shahar hokimining 14-fevraldagi qarori bilan poytaxt bozorlari va savdo komplekslari uchun yig‘imlarning yangi miqdorlari tasdiqlandi.
Xususan, bir martalik patta puli bozor va sotiladigan mahsulot turiga qarab o‘tgan yilga nisbatan 10−30% ga oshirilgan. Sabzavot, non va non mahsulotlari yo‘nalishida to‘lovlar eng kam (10%) ko‘tarilgan.
Uy buyumlari, kiyim-kechak va uy parrandalari kabilar yo‘nalishlari uchun yig‘im 17−20% ga, sitrus, tropik va quruq mevalar, salqin ichimliklar, konserva, gullar va avtomobillar uchun ehtiyot qismlar yo‘nalishida 21−25% ga oshirildi. Asal mahsulotlari sotuvchilari uchun esa to‘lovlar eng ko‘p oshdi — 26−29%.
Foto: Adliya Vazirligi “E-qaror”
Toshkent shahar hokimligi patta narxi oshirilganiga izoh berib, qonunchilikka asosan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari har yili tasdiqlanishini qayd etdi.
Poytaxtdagi 19 ta bozorning jami xarajatlari 2024-yilda 314,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Joriy yilda soliq, kommunal to‘lovlar, ish haqi oshishi hamda ta’mirlash va qurilish ishlari hisobiga ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 22% ga oshib, 383,5 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Hokimlik yig‘imlarning yangi miqdori bozor va savdo komplekslari umumiy tushumining 15% gacha qismiga yetmasligini, “patta pullari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun belgilangani"ni ta’kidladi.
Bundan tashqari, yig‘imlarni oshirish orqali bozorlarni tozalash, yoritish, pavilonlar tom qismini, rastalarni ta’mirlash va yangilash, yo‘laklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni bo‘yash, kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash belgilangan. Shu bilan birga, mablag‘lar soliq va kommunal to‘lovlar hamda xodimlarga ish haqi to‘lashga yo‘naltiriladi.
Bozorlarda patta puli oshirilishi savdogarlar e’tirozlariga sabab bo‘ldi. “Spot” vaziyatni o‘rganish maqsadida “Eski Juva” dehqon bozorida bo‘lib, tadbirkorlar va bozor mas’ullari bilan suhbatlashdi.
“„O‘lik“ mavsumda patta pulini oshirib qo‘yishdi”
“Eski Juva” dehqon bozorida faoliyat yuritayotgan sotuvchilar “Spot” bilan suhbatda yig‘imlar miqdori hokim qaroridan keyin oshganini tasdiqladi. Shuningdek, ular patta narxi oshishi mahsulot narxiga ta’sir ko‘rsatmasligini qayd etishdi. Biroq, mavsumiy mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanadigan sotuvchilar ijara narxlarini to‘lashda qiynalayotganini ma’lum qildilar. Suhbat davomida savdogarlar nomlari anonim qolishini so‘radi.
Dehqon bozorida anor suvi sotayotgan tadbirkorning so‘zlariga qaraganda yangi qiymatdagi patta pulini to‘lash og‘irlik qilmaydi. Biroq xaridorlar kam bo‘ladigan paytlar hisobga olinsa, tadbirkor o‘z hisobidan kamomadni yopishiga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.
“Savdo bo‘lmasa, majbur yoningizdan bo‘lsa ham pul berasiz”, — deydi tadbirkor.
Qulupnay savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdogar ham hozir qulupnay uchun “o‘lik” mavsum ekanligini, bu vaqtda patta pulini oshirish ularga bir nechta noqulayliklarni keltirib chiqarganini qayd etdi.
“Hali savdoyimiz yurib ketgani yo‘q. Bizda ko‘proq qulupnay mavsumi boshlanganda ishimiz yurishadi. Hozir yo‘q bozorga pattani oshirib qo‘yishgan”, — deydi savdogar.
U mavsum paytida 100 kg qulupnay sotilgan bo‘lsa, hozir bu 20 kgga ham yetmasligini, shuning hisobiga patta oshishi og‘irlik qilayotganini ta’kidladi. Avvallari mavsum paytida talab oshgani sabab bilinmagan.
Shuningdek, qulupnay savdogari narxlar oshirilishi haqida hech kim tushuntirish bermaganini, oldindan ogohlantirishmaganini qo‘shimcha qildi.
Ko‘katlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan savdogar ayol ham qaror chiqqandan keyin mas’ullar tomonidan ularga ijara narxi oshishi bo‘yicha ma’lumot ko‘rsatiilmaganini qayd etdi.
Shu bilan birga, savdogarlarning katta qismi mikrofon ortidan yig‘im narxlari oshishidan norozi ekanliklarini bildirib, joy uchun oshgan narxda to‘lovni amalga oshirishga to‘g‘ri kelayotganini ma’lum qilishdi.
“Mahsulot narxiga patta puli unchalik ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki, iste’molchi hamma narsaning narxini biladi, lekin ijara narxi oshganini emas”, — deydi mavsumiy tadbirkorlardan biri.
Bozor mas’ullari nima deydi?
“Eski juva” bozori direktori o‘rinbosari Nasrullo Meliqulov “Spot"ga bergan intervyusida patta narxlarining oshishini elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv ta’minoti uchun to‘lovlar hamda yer va mol-mulk solig‘i ko‘tarilishi bilan izohladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har mavsum yilda bir marotaba shahar hokimiyati qoshidagi komissiya yil davomidagi vaziyatni o‘rganib chiqib, narx-navoni xalqqa zarar yetkazmasdan qanchaga ko‘tarish mumkinligi ustida ish olib boradi.
“Misol uchun, ijara narxi 10 so‘m bo‘lsa va u 11 so‘mga oshirilsa, menimcha, bunda unchalik ham katta tafovut yo‘q. Biz ana shu ko‘tarilgan bir so‘m hisobiga muvozanatni ushlab turamiz. Shu sabab ham yig‘im puli o‘zgargan”, — dedi Meliqulov.
Shunigdek, u bozor ma’muriyatiga qaror loyihasi oldindan berilgani, yangi narxlar bilan barcha tadbirkorlar tanishtirib chiqilganini qayd etdi. Nasrullo Meliqulov “Spot"ning poytaxt bozorlaridagi ayrim savdogarlar qaror yuzasidan shikoyat bildirishayotgani borasidagi savoliga tadbirkorlar ko‘p savollar berishgani, biroq yozma xat va arizalar bilan murojaat qilishmaganini bildirdi.
“Ularga narx nima sababdan oshayotganini ularni yig‘ib ham, sektorma sektor yurib ham tushuntirdik. Xalqimiz to‘g‘ri qabul qildi, hozir yangi stavka bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmoqda”, — deydi mas’ul. Bundan tashqari, bozorda har bir mahsulot uchun patta puli qanday o‘zgargani bo‘yicha bannerlar joylashtirilgan, ularda eski va yangi narxlar o‘rtasidagi tafovutlar yozilib, sektorlarga osib qo‘yilgan.
“Ijara narxi oshishidan tadbirkorlar norozi bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘tgan yili mahsulotini bir so‘mga sotgan sotuvchi, bu yil o‘sha narxga sotmaydi-ku. Bunda [narxlarni belgilashda] xarajatlar hisobga olinadi. Hozirda „Eski juva“ bozoridagi tadbirkorlarda patta bo‘yicha savollar qolmagan. Ular bemalol pattani to‘lab kelmoqda”, — dedi u.
Shuningdek, Nasrullo Meliqulov chakana savdoda narxlar oshib ketmasligi uchun bozorda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etilganini qo‘shimcha qildi. Bu orqali doimiy iste’molda bo‘lgan shakar, go‘sht va yog‘ kabi mahsulotlar narxi muvozanatda ushlab turiladi.
“Eski juva” bozori direktori o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bunday yarmarkalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan narxlar oshib ketmasligi, mahsulotlarni belgilangan summada sotish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Shu sababli ulardan patta puli olinmaydi.
“Chakan savdodagi narxlarni muvozanatda ushlab turish uchun ham yarmarkadagi narxlarni arzon qilib qo‘yamiz. Bu orqali chakana savdodagi yuqori narxlarni „sindirib“ bozor narxlarini muvozanatini ta’minlaymiz”, — deya xulosa qildi Nasrullo Meliqulov.