Avvalroq yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan haydovchilarga jarima ballari belgilanishi haqida ma’lum qilingandi.

Bunda ballar ularga belgilangan tartibda, asosiy jazo bilan birga hisoblanadi. Ularning miqdori belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llaniladi.

Qonun bilan quyidagi huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yangi 341-moddasi bo‘yicha jarima ballari hisoblanadi:

  • 125-moddaning 3-qismi — haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi;
  • 125-moddaning 5-qismi — foydalanish belgilangan tartibda man etilgan, shuningdek, davlat raqamini o‘zboshimchalik bilan yechgan avtomobillarni boshqarish;
  • 126-modda — ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;
  • 127-moddaning 1-qismi — sababsiz signal chalish, avtomobillarga belgilanmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, ularni o‘zgartirib o‘rnatish;
  • 128-modda — piyodalar yo‘laklaridan yurish, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalariga rioya qilmaslik;
  • 1283-modda — belgilangan tezlikni oshirish;
  • 1284-moddaning 2-qismi — svetoforga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirish va o‘tish;
  • 1285-modda — xalaqit berish yoki avariya holatini yuzaga keltirish, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga yoki bo‘lagiga chiqish;
  • 1286-modda — to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish;
  • yangi 1288-modda — odam tashish qoidalarini buzish;
  • yangi 1289-modda — transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzish;
  • 129-modda — transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish;
  • 130-modda — temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish;
  • 135-moddaning 1-qismi — transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, uni ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, sug‘urta polisi, malaka sertifikati yonida bo‘lmagan haydovchilarning avtomobillarni boshqarishi, ishonchnomalar, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijara shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) boshqarish;
  • 137-moddaning 1-qismi — transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish.

Jarima ballarini hisoblash tartibi hukumat tomonidan ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan avtomobillardan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzgan fuqarolarga BHMning 5 baravari (1,875 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.

Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini 40 km.dan ortiq, lekin 60 km.dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirishi BHMning 9 baravari (3,375 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi. Agar tezlik soatiga 60 km.dan oshsa, bu BHMning 15 baravari (5,625 mln so‘m) ni tashkil etadi.

Odam tashish qoidalarini buzgan haydovchilarga BHMning 2 baravari (750 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi. Avtobus va mikroavtobuslarida ichki ishlar organlari hamrohligida odam tashish talabini buzganlarga BHMning 5 baravari (1,875 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.

Shuningdek, transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlarga belgianadigan jarima miqdori BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m) ni tashkil etadi.

Avvalroq avtomobilga gaz ballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Uning narxi 112,5 ming so‘mni tashkil etadi.