20-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchilar o‘zlari bilan olib kelgan yangi yoki O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida tirbandlik yuzaga kelganiga doir xabarlar tarqaldi.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Havo yo‘llari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida aeroportning o‘zida yo‘lovchilar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini Bojxona qo‘mitasining Ma’lumotlar bazasiga kiritish hamda IMEI tizimida ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda sutkasiga 150 nafargacha yo‘lovchilar o‘zlari bilan olib kelgan mobil qurilmalarini ixtiyoriy ravishda bevosita uchib kelish zalining o‘zida IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishmoqda. Buning uchun har bir yo‘lovchiga o‘rtacha 8 daqiqa vaqt sarflanmoqda. Bir vaqtning o‘zida bir nechta reyslar bo‘yicha yo‘lovchilar kirib kelgan holatlarda qisqa muddatli tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

Tirbandliklarning oldini olish maqsadida bugundan mazkur jarayonga jalb etilgan bojxona xodimlari 2 barobarga ko‘paytirilib, 4 nafar qilib belgilandi. Shuningdek, IMEI tizimi tomonidan ham yana 1 nafar operator jalb qilinishi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilar mobil qurilmalarni bevosita aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazishlari majburiy hisoblanmaydi.

Fuqarolardan faqatgina o‘zlari bilan olib kelingan yangi yoki O‘zbekistondan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni o‘ziga xos identefikatsiya kodlari asosida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishlari talab etiladi.

Ushbu deklaratsiya asosida yo‘lovchilar mobil qurilmalarni O‘zbekistonga kirib kelgandan so‘ng 30 kun davomida o‘zlariga qulay fursatda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, kelgusida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun mobil ilovalar ishlab chiqish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan.


Avvalroq “Spot” yangi mobil qurilmalarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish talab etilishi haqida yozgandi.

Bunday bo‘lmagan hollarda foydalanuvchilar telefonni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi, shuningdek, boj to‘lashga majbur bo‘ladilar.