Vengriyaning “Wizz Air” aviakompaniyasi O‘zbekiston qo‘shma aviakompaniya tashkil etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Ilhom Mahkamov aviakompaniya bosh direktori Yojef Varadi hamda Vengriyaning O‘zbekistondagi elchisi Yojef Roja bilan uchrashdi. Unda “Wizz Air” tomonidan O‘zbekistondan Yevropaga va O‘zbekiston orqali tranzit havo qatnovlari geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yojef Varadi “Wizz Air Abu-Dhabi” kompaniyasi Toshkent-Abu-Dabi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni ko‘paytirish hamda Namangan va Urganch shaharlari bilan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston hududida qo‘shma aviakompaniya tashkil etish istiqbollarini ma’lum qildi.

Ilhom Mahkamov aviakompaniyaga O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Joriy yil oxirigacha Toshkent-Budapesht-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni tashkil etish belgilanmoqda.

“WizzAir” loukosteri 2022-yilning yozida O‘zbekiston bilan muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishgandi. Undan keyin aviakompaniyaga Abu-Dabidan Toshkent va Samarqandga parvoz qilishga ruxsat berildi.

O‘sha yilning dekabr oyida BAA poytaxti va Samarqand o‘rtasida parvozlarni boshladi. 2023-yilning yanvar oyidan esa aviatashuvchi Toshkentga ham qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Mart oyida Toshkent va Samarqandga parvozlar sonini oshirishi ma’lum qilindi. Iyunga kelib O‘zbekiston tomoni Abu-Dabi va Buxoro o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etishni taklif qildi.

Avvalroq Uchta xorijiy aviakompaniyaga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsat berilgandi. “Air Asia X Berhad” Kuala-Lumpur bilan, “T'way Air” Seul bilan hamda “Red Sea Airlines” Sharm-esh-Sheyx bilan Toshkentni bog‘laydi.