Birjada xorijiy kompaniyalar aksiyalari bilan savdo qilish uchun eksperimental maydoncha tashkil etiladi. Bu haqda 21 fevral kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, 2024-yilda fond birjasida savdo hajmining sezilarli darajada o‘sishi kuzatilgan bo‘lib, u 18,5 trln so‘mni tashkil etgan. Bu tarixiy yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, “yashil” obligatsiyalarni chiqarish uchun huquqiy asos yaratildi va ularning 50 mlrd so‘mlik birinchi emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Fond birjasidagi savdolar haqidagi ma’lumotlar “Bloomberg"da ham mavjud bo‘ldi. Bundan tashqari, Yagona korporativ axborot portali birja bilan integratsiyalashtirildi.
Shuningdek, Pak xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritilganini ma’lum qildi. ILMA Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilayotgan “Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni tayyorlamoqda.
ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston aholisi xorijiy kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlarini sotib olishga qiziqish bildirayotganini, biroq qonunchilikdagi cheklovlar tufayli norezidentlarning aksiyalarini sotib olish taqiqlanganini ta’kidladi.
“Biz [ILMA] „Toshkent“ fond birjasida norezidentlar aksiyalari savdosi uchun tajriba maydonchasi yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Masalan, fuqarolar yetakchi fintex kompaniyalari, „Tesla“, „Google“ va boshqalarning aksiyalarini qonuniy tarzda sotib olishlari mumkin bo‘lgan platforma tashkil etmoqchimiz. Maqsadimiz qimmatli qog‘ozlarning jozibadorligini oshirish orqali fuqarolarni ushbu savdoga jalb qilishdir,” dedi Pak.
Bundan tashqari, agentlik valyuta obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha eksperimental rejimni yaratishni rejalashtirmoqda.
Direktor o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini valyutada saqlashni afzal ko‘rib, valyuta risklarini o‘z zimmalariga olishga tayyor emaslar. Natijada, xorijiy valyutadagi obligatsiyalar aholining bo‘sh mablag‘larini iqtisodiyotga jalb qilish imkonini beradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston $1,5 mlrdlik uchta suveren yevrobond chiqarilishini joylashtirishi haqida yozgandi.